O‘zbekiston | 17:30 / 19.09.2019
18879
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda daraxtlarning ko‘p kesilishi sabablari aytildi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakat hududida daraxtlarning ko‘p kesilishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni ma'lum qildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, partiya rasmiylari ishtirokidagi bugungi matbuot anjumanida muammoli tendensiya sabablari sifatida quyidagilar sanab o‘tilgan:

  • joylardagi daraxt va butalarning son hamda sifat to‘g‘risidagi hisobining yo‘qligi;
  • daraxtlarga ularning biologik xususiyatlarini inobatga olgan holda shakl berishning yagona tartibi va uslubining mavjud emasligi;
  • daraxtlarda kasalliklarni aniqlash bo‘yicha kuzatuvlarda botanik mutaxassislarning jalb etilmasligi;
  • loyihalarni ekologik ekspertizadan o‘tkazish jarayonida kesiladigan daraxt o‘rniga besh barobar miqdorda yangi daraxt ko‘chatlarini ekib berish majburiyatining belgilanmaganligi;
  • istirohat bog‘i, xiyobon va boshqa joylarda daraxt kesilishi hamda yashil qoplama rekonstruksiyasi jarayonlari yuzasidan xulosa qabul qilishda jamoatchilikning ishtirok etish mexanizmi mavjud emasligi;
  • sohada tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malakali va boy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarning yetishmasligi.

Jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkazilgan ekologik reydlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirilishicha, joriy yilning shu davriga qadar Ekopartiya Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda yuzdan ziyod ekologik reydlar uyushtirgan bo‘lsa, ularning aksariyati daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq.

Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘y bergan va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni yuzaga keltirgan so‘nggi holat bo‘yicha o‘tkazilgan reyd natijalariga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xulosasiga asosan, 87 dona ignabargli daraxt, diametri 83,1 sm. bo‘lgan 3ta kasallangan va qurigan chinor hamda soforani kesishga ruxsat berilgan. Ammo tuman hokimligi faqatgina chinorning kesilishiga rozilik bildirgan.

Mavzuga oid