O‘zbekiston | 14:46 / 20.09.2019
12983
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mineral o‘g‘itlarsiz hosil olish biotexnologiyasi yaratildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori Baxtiyor Rasulov tomonidan O‘zbekistonda mineral o‘g‘itlarsiz kuzgi bug‘doy yetishtirish biotexnologiyasi ishlab chiqildi va amalda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi. 

Fanlar akademiyasi xabariga ko‘ra, mazkur biotexnologiya usuli yordamida – azotli va fosforli mineral o‘g‘itlarsiz bug‘doy hosildorligi oshiriladi. Dala sharoitidagi tadqiqotlar Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Kalgan massividagi bug‘doy dalalarida o‘tkazildi.

Biotexnologiyaning asosini tuproqlarda, o‘simlik ildizlari atrofida ko‘payadigan foydali bakteriyalarning noyob biologik xususiyatlariga asoslanadi. Tuproq bakteriyalari o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligini oshirishda talab etiladigan biologik azot va fosfor, turli fiziologik faol moddalar, oqsillar (shuningdek, aminokislotalar), vitaminlar hosil qiladi. Tuproqning muhim bio-ekologik xususiyatlarini tiklaydi – tuproq yosharadi. Taklif etilgan ushbu biotexnologiyada ana bakteriyalardan foydalaniladi.

Biotexnologiyaning fundamental tadqiqotlari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari, jumladan XXR FA fizika va kimyo hamda ekologiya-geografiya institutlarida tadqiq etilgan.

Dala sharoitidagi tadqiqotlarda ushbu biotexnologiya asosida va mineral o‘g‘itlar qo‘llanmasdan o‘rtacha 50 ts/ga hosil olingan. Olimning fikriga ko‘ra, bug‘doyning bu hosili yuqori chegara emas. Biotexnologiyaning qo‘llash usullarini optimallashtirish orqali bug‘doy hosildorligini bundanda oshirish mumkin. Shuningdek, mazkur ishlanma, ayniqsa, sho‘rlangan tuproqlarning biologik xususiyatlarini tiklash va bug‘doy hosildorligini oshirishda juda foydali, O‘zbekiston sharoitlarida istiqbolli hisoblanadi. Sho‘rlangan tuproqlarda mineral o‘g‘itlarning qo‘llanishi tuproq minerallashuvi – sho‘rlanishini kuchaytiradi. Taklif etilgan biotexnologiya esa, shuningdek, tuproq minerallashuvini kamaytirishga katta yordam beradi.

Mavzuga oid