19-avgust kungi savdolarda Amerikaning Moderna biotexnologiya kompaniyasi aksiyalari 159,57 foizga qimmatlashib, eng yuqori cho‘qqisida 163,43 dollarga yetdi. Bu haqda NASDAQ birjasi ma’lumotlari darak bermoqda.

Bloomberg nashrining yozishicha, kotirovkalar Moderna va Merck farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksina yirik klinik sinovlar davomida melanomaning so‘nggi bosqichlarida kasallik qaytalanishi holatlarini kamaytirishga yordam bergani haqidagi xabarlar fonida o‘smoqda. Bu bemorning umrini uzaytirish imkonini beruvchi ushbu saraton turini davolash usulining paydo bo‘lishiga umidni kuchaytirdi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, sinov o‘zining asosiy maqsadiga erishgan: vaksina Merck kompaniyasining Keytruda immunopreparati bilan birgalikda qo‘llanilganda, melanoma qaytalanishi holatlarini faqat immunoterapiyaning o‘ziga qaraganda ko‘proq kamaytirishini namoyish etgan. Shuningdek, tadqiqot yana bir maqsadga - saratonning tana bo‘ylab yangi a’zolarga tarqalishini sekinlashtirishga ham erishdi.

Melanoma - teridagi pigment hosil qiluvchi melanotsit hujayralaridan rivojlanadigan xavfli o‘sma. U tez o‘sishi va boshqa a’zolarga metastaza berishi mumkin. Yangi paydo bo‘lgan yoki shakli, rangi, o‘lchami o‘zgarayotgan xollar melanomadan shubhalanishga asos bo‘ladi. Erta aniqlash davolash samaradorligini oshiradi.