Yig‘ilishda 2030 yilgacha 938 ming gektar yaylovni o‘zlashtirish va holatini yaxshilash rejalari taqdimot qilindi. Xususan, 2026-2027 yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanib, shuning 300 ming gektarida yaylov o‘simliklari ekiladi, 130 ming gektarida quduqlar o‘rnatiladi. Natijada 960 ming bosh mayda shoxli mol boqish, go‘sht va jun ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyati yaratiladi.

Yangi yerlarni o‘zlashtirishda har bir hudud bo‘yicha aniq investor va loyiha asosida ish tashkil qilish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani o‘zgartirish vaqti kelgani qayd etildi. Shu maqsadda sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimni yagona tuzilma – Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirilishi belgilangan.

Taqdimotda biotexnologiya va molekulyar biologiya, gen injyeneriyasi va gibrid urug‘chiligi, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, kosmik va dron texnologiyalari, yerlar degradatsiyasi hamda sog‘lom tuproq, organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya, raqamli qishloq xo‘jaligini akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilash taklif etildi.

Akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Qishloq xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hozir Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba ta’lim olayotgani, biroq o‘quv jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55 foizi o‘z sohasida ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bog‘laydigan tizim yaratish, mehnat bozori talabiga mos yetuk mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi.

Jumladan, kelgusida universitet talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ziyodi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot o‘taydi.

Shuningdek, fermer hamda uning xodimlari farzandlarining test sinovlarida ballari qabul parametrlariga yetmaganda, miqdori kamaytirilgan to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish davomiyligini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasi va agrodronlardan foydalanishga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.