So‘nggi vaqtlarda «snos» mavzusi ko‘plab nashrlar tomonidan keng yoritilmoqda. Bunga, albatta, bir tomondan ulkan bunyodkorlik ishlari sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan buzilish munosabati bilan belgilangan tovon puli va yer maydoni ajratishga doir qonun hujjatlari talablari bajarilmasligi yoxud paysalga solinishi fuqarolarning bu mavzudagi murojaatlari soni ortishiga olib kelmoqda. Zangiota tumanidan bo‘lgan murojaatlardan biri ham aynan shu haqda bo‘ldi.

«22 iyun kuni hokimlik vakillari, shu jumladan Zangiota tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mavlonov Avaz ham keldi va shu uchrashuvda «Do‘koning buziladi, narxlatib qo‘ygin», deb og‘zaki aytishdi. O‘sha vaqtda qo‘ni-qo‘shnilarning uylari buzilishi boshlangandi. Men ular taklif qilgan baholovchiga, ya'ni Appraisal Group firmasiga do‘konim va novvoyxonamni baholatdim. Barcha hujjatlarimni taqdim etgach, 3 kun ichida baholab berishdi. 25 iyunda tayyor bo‘lgan baholash xulosasini barcha hujjatlarim bilan birga hokimlikka topshirdim. Ular menga shu kuni ogohlantirish xatini berishdi. Unda 7 kun ichida baholash natijasini hokimlikka topshirish so‘ralgandi. 8 iyulda esa, bo‘ldi, bu yerlar buziladi, deb gaz tarmog‘idan uzib ketishdi», - deydi avtobus bekatini xarid qilgan tadbirkor Dilxush Hamidov.

Dilxush Hamidov

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir do‘kon, novvoyxona va kichik tamaddixona, somsaxonadan iborat manzilda 10 ish o‘rni yaratilgan edi. Gaz tarmog‘idan uzilgani bois, ularning faoliyati to‘xtab qolgan. Shu bilan birga, hokimlik tadbirkorga «snos» qilingani uchun binoga tovon puli berilmasligi, faqat yer maydoni ijara asosida foydalanish uchun berilishini bildirgan. Uni qiynayotgan masala shundaki, shu vaqtgacha soliq to‘lab kelgan, qolaversa, 1994 yilda barpo qilingan, egalik huquqi bilan sotilgan bino buzilishga kelganda noqonuniy binoga aylanib qolmoqda. Bino tarixiga nazar tashlansa, u ushbu tadbirkorgacha 1 marta sotilgan. 1994 yilda bu joyda do‘kon qurgan shaxs uni 2007 yilda boshqa bir fuqaroga sotgan. Tadbirkorning aytishicha, u bu mulkni 2017 yilda xarid qilgan, barchasi qonuniy tartibda, notarius orqali rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, ijara asosida tavsiya qilinayotgan yer maydoni ham serqatnov yo‘l yoqasidan emas, balki tuman markazining ichkari hududidan, xaridorlar kam bo‘lgan joydan tavsiya etilmoqda.