23 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda turizmni rivojlantirishda Prezident farmon va qarorlarining ijrosi xususida ma'lumot berildi.

Anjuman chog‘ida Registon maydonida yahudiylar kongressining bayram dasturi bo‘lib o‘tgani va Butunjahon inflyuyenserlar kongressi davomida bloger qizning tarixiy hududda gimnastika kiyimida video tasvirga olgani, bu ikki holatga noroziliklar bildirilgani masalasi ko‘tarildi. Mazkur ikki holatga qo‘mita mutasaddilari o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Saidkomil Xolxo‘jayev, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ziyorat turizmi bo‘yicha mas'ul vakili:

─ O‘zbekistonga faqatgina musulmon emas, boshqa dindagi shaxslar ham keladi. Shu bois sayyohlarning hozirgi kunda ham diniy an'analar amalga oshiriladigan binolarda ba'zida axloqdan tashqari harakatlarni qilishlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda nafaqat Islom, balki boshqa diniy binolar uchun ham sayyohlarning kirib-chiqishi, ust-boshi, o‘zini tutishi bilan bog‘liq qat'iy tartibni ishlab chiqyapmiz. Bu tartib tegishli binolarning barchasiga taqdim qilinadi. Turistik kompaniyalarga ham yetkaziladi. Individual tarzda keladigan sayyohlar ham bunday tartib-qoida bilan tanishtiriladi.

Abdulaziz Oqqulov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi:

─ Samarqand ham, Buxoro ham faqatgina ziyoratgoh emas, omma uchun ochiq joy. Bunday hududlarga daromad manbai sifatida qaraladi, ularni maksimal darajada monetizatsiya qilish biz uchun muhim. Lekin diniy tomondan muqaddas hisoblangan nuqtalarda muayyan qoidalarga rioya etilishi zarur. Bu jihatlar ishlab chiqilayotgan nizomda qayd etiladi.

Behruz Hamzayev, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi:

─ Xivadagi minora fonida video tasvirga olgan bloger qiz o‘z blogi orqali sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qiladi, shuning uchun ham shunaqa video olingan. U tushgan video yoga targ‘iboti. Ochiq kiyim emas, sport nuqtai nazaridan talab etilgan elastik kiyimda bo‘lgan. U turgan joy diniy xarakterga ega bo‘lgan bino emasdi. Inflyuyenserlarning har biriga har bir joyga borganda nimalarga e'tibor berishi kerakligi haqida ma'lumot berilgan. Talab etilgan joyda ro‘mol ham o‘rattirganmiz.