Xalqimiz sog‘ligini saqlash, odamlarning tibbiyotdan roziligini ta'minlash — bugungi kunda sohada yuritilayotgan islohotlarning tub mazmun-mohiyatini tashkil qilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlardan ko‘z yummagan holda, ayni paytda mamlakatimiz aholisini, soha xodimlarini o‘ylantirayotgan, qiynayotgan masalalar ham hali yo‘q emas. Shulardan biri — patronaj xizmati bilan bog‘liqdir, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muharram Dadaxo‘jayeva.

Bildirilishicha, patronaj – aholining tibbiy-sanitariya xizmati borasida alohida e'tiborga ega bo‘lgan kontingentiga uyda tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi hisoblanadi.

Patronaj xizmati tibbiy, ijtimoiy, psixologik yordam turlarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, u orqali aholi xonadonlarida kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni erta aniqlash va ularni bartaraf qilish choralarini ko‘rish, fertil yoshdagi ayollar, homiladorlar, bolalar bilan birgalikda o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar, yolg‘izlar, nogironlar, surunkali kasalligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlarni tizimli qamrab olish, ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami holatining tizimli nazoratini olib borish yo‘nalishlarida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tuman va shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlarida tibbiy patronaj xizmati umumiy amaliyot shifokorlari, patronaj hamshiralari tomonidan amalga oshirilmoqda. Zarur hollarda esa, tor soha mutaxassislari qo‘shimcha jalb qilinmoqda.

Bugungi kunda patronaj xizmatiga qator vazifalar yuklanmoqda. Xususan, aholining salomatligi to‘g‘risida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lish, homiladorlar, yosh bolalar, qariyalar, nogironlar va surunkali kasallikka chalingan bemorlardan muntazam uyiga borib xabar olish, kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, xonadonning tibbiy-ijtimoiy holatini o‘rganish, aholini profilaktik, chuqurlashtirilgan, maqsadli hamda dispanser tibbiy ko‘riklariga chaqirish, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash, jazoni o‘tash joylaridan ozod etilganlar, mehnat migrantlari, odam savdosidan jabrlanganlarni profilaktik ko‘rikka jalb etish, uy shifoxona muolajalarini bajarish kabilar shular jumlasidan.

“To‘g‘ri, bugungi kunda aholini maqsadli patronaj va profilaktik ko‘riklar bilan qamrab olish bo‘yicha ancha mustahkam huquqiy baza yaratildi.

Ammo, o‘rganishlar patronaj xizmati faoliyatining samaradorligini oshirish bilan bog‘liq qator muammo va kamchiliklar ham borligini, ularga barham berish zarurligini ko‘rsatmoqda.