Vazirlar Mahkamasining “Respublika bo‘ysunuvidagi Toshkent viloyatining Bekobod shahrini 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 4 iyundagi PF-5738-son farmoni bilan yuklatilgan aniq vazifalar ijrosini ta'minlash uchun Bekobod shahrida 2020-2022 yillarda bajariladigan asosiy tadbirlar quyidagilar etib belgilanadi:

birinchidan, Bekobod shahrining Bosh rejasini tanqidiy o‘rganib, yo‘l-transport infratuzilmasi, shoh ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar qurilishi, parklar, bulvarlar, zamonaviy savdo markazlari, infratuzilma obektlari va sanoat zonalarini joylashtirish masalalarini muhandislik tarmoqlari bilan birgalikda ko‘rib chiqib, takliflarni tayyorlash hamda yaqin 3-5 yillik shaharsozlik vazifalarini belgilab olish;

arxitekturaviy qiyofani zamonaviylashtirish, ko‘p qavatli uy-joy fondini sifat jihatdan yaxshilash, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatishni joriy etish; 

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, xususan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini qaytadan qurish, avtomobil yo‘llari va ichki ko‘chalar holatini yaxshilash, shahar ko‘chalaridagi massivlarda tungi yoritish tizimlarini yangidan zamonaviy holatga keltirish;

ichki va shaharlararo yo‘nalishlarda harakatlanuvchi jamoat transportlarining yangi yo‘nalishlarini tashkil etib, aholiga sifatli va qulay transport xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil etish;

transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi yangi xususiy korxonalar tashkil etib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali zamonaviy jamoat transport vositalarini xarid qilish;

ikkinchidan, shaharda ekologik muhitni yaxshilash, aholi salomatligiga salbiy ta'sirni kamaytirish choralarini ko‘rish, ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni o‘tqazish va yashil maydonlar, gulzorlar tashkil etish tadbirlarini amalga oshirish;

bunda, mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun shaharlarda ochiq va yopiq yer osti sug‘orish tizimlarini barpo etib, irrigatsiya tarmoqlarini bugungi kun talabida qayta tiklash;

uchinchidan, ijtimoiy soha muassasalari holatini yaxshilash, binolarini ta'mirlash, hududlarini obodonlashtirish, jihozlarini yangilash, mutaxassislarni malakasini va xizmat madaniyatini oshirish orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini keskin oshirib, bu sohada xususiy sektor ulushi ko‘paytirish;