Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 26 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, soliq siyosatida ayrim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘zA muxbiri ushbu islohotlar, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdagi yangi mexanizmlarning mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimiz farmoniga binoan, 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi. Ushbu o‘zgarishning ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.

– Mutaxassislar soliq siyosati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgan va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi yuqori ekanini ta'kidlashgandi. Ammo o‘ylab ko‘ring, O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetiga tushumning uchdan birini qo‘shilgan qiymat solig‘i tashkil etadi. Bu mamlakat oldida turgan ko‘plab xarajatlar uchun muhim manba hisoblanadi.

Bugun budjet tashkilotlarida 1,7 million aholi doimiy ish bilan band, 3 milliondan ortiq pensiya yoshidagi fuqarolar bor. Davlat tomonidan ularga har oy maosh va nafaqalar beriladi. Davlat o‘z oldida turgan ana shunday majburiyatlarni to‘la bajarishi uchun o‘tgan vaqt davomida qo‘shilgan qiymat solig‘ini 20 foizda ushlab turishga to‘g‘ri keldi.

O‘tgan yilgi soliq konsepsiyasida 2019 yil 1 yanvardan ish haqi fondiga bo‘lgan soliq yukini kamaytirish ko‘zda tutilgandi. Natijada ushbu sanadan boshlab jismoniy shaxslarning daromad solig‘i 22 foizdan yagona 12 foizga tushirildi. Sakkiz foizlik ish haqidan sug‘urta badali olish umuman bekor qilindi. Bu bir qaraganda, budjetga tushumning sezilarli kamayishiga olib kelishini anglatadi. Shu bois mutaxassislar bu o‘zgarishni katta tavakkal, deya baholagandi.

Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘zlab ish tutishi natijasida tadbirkorlar yaratilgan soliq imtiyozlaridan oqilona foydalanib, o‘z faoliyatini yanada jonlantirdi. Buning natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining davlat budjetiga tushumi ikki baravarga ortishi kuzatildi. Yilning birinchi yarmida qo‘shimcha 571 ming soliq to‘lovchi aniqlandi. Daromad solig‘i davlat budjetini shakllantiruvchi uchinchi soliq turi ekanini inobatga olsak, bu muhim ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.

Ayni shu natijalar qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini pasaytirish qarorini qabul qilishga turtki bo‘ldi. Biz 15 foizlik stavkani 2020 yil 1 yanvardan joriy etish taklifini ilgari surgandik. Ammo davlatimiz rahbari bu amaliyotni 1 oktyabrdan joriy qilish va iqtisodiyotda biznes uchun yengilliklar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.