23-24 sentabr kunlari Yevropa investitsiya banki vitse-prezidenti Vazil Hudak Orol dengizini tiklash loyihasi bo‘yicha Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Ushbu hujjat doirasida Yevropa investitsiya banki O‘zbekistonga 100 million yevrodan ortiqroq mablag‘ ajratishni reja qilgan.

Kun.uz muxbiri mazkur loyiha, bank va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati hamda kelgusidagi hamkorlik rejalari haqida to‘liqroq ma'lumot olish uchun YeIB vitse-prezidenti Vazil Hudak bilan suhbatlashdi.

– Avvalambor, assalomu alaykum, O‘zbekistonga xush kelibsiz.

– Salom, tashakkur.

– Ma'lumki, Yevropa investitsiya banki dunyodagi eng katta, keng tarmoqli moliyaviy institutdir. Bankning Yevropa Ittifoqi hududi hamda undan tashqari mintaqalardagi asosiy maqsadlari nimalardan iborat?

– Chindan ham, aytib o‘tganingizdek, Yevropa investitsiya banki dunyodagi eng katta xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi. Biz har yili o‘rtacha 70-75 milliard yevro atrofida moliyaviy ko‘mak ajratamiz. Bu ko‘rsatkich xalqaro maydondagi iqtisodiy holatga qarab o‘zgarib turadi. Biz uchun zaxirada qo‘shimcha mablag‘ bo‘lishi muhim. Chunki u yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy bo‘shliqlarni to‘ldiradi.

Tijorat banklaridan farqli ravishda, biz ancha faolmiz va moliyaviy ko‘mak berishga doim tayyor turamiz. Ayniqsa, iqtisodiy holat yomonlashgan vaqtlarda. Bunday vaziyatlarda turli muammolar yuzaga keladi va tijorat banklari ahvolni yaxshilashga qodir bo‘lmay qoladi.

Biz Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan sakkiz barobar ko‘p, ya'ni aytib o‘tganimdek, yiliga 70-75 milliard yevro atrofida moliyaviy ko‘mak ajratamiz. Bu borada hatto Jahon bankidan ham oldinda turamiz. Ularning yillik qarz ajratmalari miqdori taxminan 60-65 milliard yevro.

Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqiga a'zo 28ta davlatga tegishli. Bank 1958 yilda Yevropa mamlakatlari iqtisodiy holatini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan va dastlabki yillarda asosan mintaqadagi davlatlar rivoji uchun xizmat qilgan. Ammo biroz vaqt o‘tgach, u faoliyatini asta kengaytirib, Yevroittifoq hududidan tashqarida ham moliyaviy ko‘maklar ajrata boshlagan.