Bugun, 1 oktabr oqshomida Chempionlar ligasining guruh bosqichi 2-tur uchrashuvlari doirasida 8ta o‘yin bo‘lib o‘tadi.

A guruhi

«Real»ning ortiq qoqilishga haqqi yo‘q

Real — Bryugge
Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni. 21.55 (Match Futbol 1 — 21.40)
Yo‘qotishlar
«Real»: Asensio, F.Mendi (ikkisi — jarohat), Isko, Marselo (ikkisi — so‘roq ostida)
«Bryugge»: Balanta, Ritssa (ikkisi — jarohat)
Hakam: Kabakov (Bolgariya).

Galatasaroy — PSJ
Istanbul. «Turk Telekom» stadioni. 23.55 (Match Futbol 3 — 23.45)
Yo‘qotishlar
«Galatasaroy»: Emre Akbaba (jarohat)
«PSJ»: Neymar (diskval), Draksler, Kavani, Kerer, Shupo-Moting (barchasi — jarohat), Dagba (so‘roq ostida)
Hakam: Marchinyak (Polsha).

1976 yilda, Chempionlar ligasiga hali asos solinmagan vaqtda — qit'aning eng yaxshi klublari Yevropa chempionlari kubogida musobaqalashardi. Turnirlarda guruh bosqichlari bo‘lmas — barcha klublar birato‘la pley-off bosqichida ishtirok etardi. O‘sha mavsumda noyabr oyida 1/8 final doirasida «Real» «Bryugge» bilan to‘qnashgan. 1970-yillarda madridliklar klubi doimiy ravishda Ispaniyada chempion bo‘lar, ammo xalqaro maydonda omadi yurishmasdi. Pushkash va Di Stefano darajasidagi yulduzlar o‘shanda «Real»da emasdi — «Bryugge»ga qarshi o‘yinda Kamacho, Braytner, Santilyana va del Boske kabi futbolchilar maydonga chiqishgandi. «Qirollik klubi» o‘shanda ikki o‘yinda belgiyaliklar darvozasiga bitta ham gol ura olmagan, ikkita gol o‘tkazib yuborgandi.

Shundan keyin «Bryugge» va «Real»ning yo‘llari kesishmadi, bugungi o‘yin esa ikki jamoa uchun ham tarixiy o‘yinga aylanadi. Albatta, hozirda kuchlar nisbati 43 yil avvalgidan butunlay boshqacha. Ammo o‘xshashliklar ham yo‘q emas. Masalan, ikki jamoa ham o‘z ichki chempionatida peshqadamlik qilmoqda va ikki jamoa ham o‘z ta'qibchilaridan uzoqlashib keta olmagan — bir ochkolik farq. Shuningdek, «Real» ham, «Bryugge» ham — o‘z ligalarida yutqazmagan yagona jamoa maqomida.