O‘zbekiston | 16:20 / 03.10.2019
7850
3 daqiqa o‘qiladi

«Saylovda nomzodning surati va quruq biografiyasi berilishi sobiq ittifoq merosidir» – «Milliy tiklanish» gazetasi

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 3 oktabr kuni, «Poytaxt» biznes markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tashabbusi bilan «O‘zbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi – demokratik saylovlar o‘tkazishning asosi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda spikerlar tomonidan respublika siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan saylovni qanday qilib shaffof, xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazish bo‘yicha ma'ruzalar tinglandi. Yig‘ilishning ikkinchi yo‘nalishi «Saylov kodeksi – saylov ochiqligini ta'minlashning kafolati» mavzusida o‘tkazilib, unda saylovni yoritishda OAVning ishtiroki, yoritishda axborot qonunchiligi, jurnalist etikasiga rioya qilish masalalari muhokama etildi. Davra suhbatida «Adolat», «O‘zbekiston ovozi», «XXI asr» gazetalari vakillari saylovni qay tarzda yoritish bo‘yicha o‘z rejalarini gapirib o‘tishdi. Jumladan, «Milliy tiklanish» gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari ushbu mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini bayon etdi.

Foto: Xalqaro press-klub

«Hozir siyosiy partiya nashrlari saylov jarayonlarida unchalik ko‘zga tashlanmayapti, degan fikr bildirildi. Bunga sabab 4ta partiya gazetalari haftada bir marta chiqadi. Demak, ular axborot xarakteriga ega emas. Bunday vaziyatda gazeta saytiga ko‘proq tayanmoqdamiz. Kuniga 10-15 ming foydalanuvchi tashrif buyurishadi. Fikrimcha, partiya nashrlari o‘zlarining elektron maydonchalariga (veb-sayt) ham ahamiyat berishi zarur. Haftalik gazetalarda esa ko‘proq tanqidiy-tahliliy materiallar berib borish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tashviqot vaqtida gazetalarda eski qolip bor: nomzodning rasmiy fotosurati va tarjimai holi haqida ma'lumot. Saylovchilarga boshqa qo‘shimcha axborotlar berilmaydi. Bu qolipni sindirish kerak, bu sobiq ittifoq davridan meros bo‘lib o‘tib kelyapti. Joriy yilgi saylovda tashviqotni boshqacha yo‘sinda olib borishni rejalashtirganmiz. Bunda nomzodning va partiyaning saylovodi platformasi targ‘ibotiga alohida urg‘u beramiz», deydi u.

Foto: Xalqaro press-klub

Davra suhbati moderatori, Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev OAVda saylovlarni yoritishda jurnalistika etikasiga qat'iy rioya qilinishi zarurligini ta'kidladi.

«Nomzodning siyosiy faoliyatidagi kamchiliklarni istagancha tanqid qilish mumkin, ammo u shaxsning o‘ziga qaratilmasligi lozim. Partiyalar o‘rtasida sog‘lom kurash ketishi, haqoratga aylanmasligi kerak»,  deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid