«Edegor degani bormidi, qayerda o‘sha?». Mabodo «Real»da qandaydir yosh yulduz porlay boshlasa yoki kelajagi porloq deyilayotgan biror iqtidorga madridliklar klubi katta pul sarflashga tayyor ekani e'lon qilinsa, mana shunday istehzolar paydo bo‘ladi.
Esingizda bo‘lsa, norvegiyalik Martin Edegor 16 yoshida butun Yevropaning og‘ziga tushgan, yosh futbolchi barcha top-klublarda navbati bilan shug‘ullanib, ular o‘rtasida qandaydir ma'noda «tender» o‘tkazgandi. Yakunda Edegor «Real»ni tanlab, madridliklar bilan shartnoma imzolashi Florentino Peres uchun «piar»ga aylanib ketgandi. Shu bilan birga, 16 yoshli futbolchi uchun yiliga 2 million yevrodan ortiq maosh, shuningdek, futbolchining otasiga klub strukturasidan ish kafolatlanishi futbol jamoatchiligida shov-shuv ham bo‘ldi – yangi Pele topildimi?

Olovga Karlo Anchelottining so‘zlari ham moy sepdi. U o‘zining «Sokin yetakchilik» nomli avtobiografiyasida tan olishicha, «Edegorning transferi «Real» va uning prezidenti Florentino Peres uchun shunchaki piar edi va klub brendini Norvegiyada ham mashhur qilishga qaratilgandi. Martin – juda yaxshi o‘yinchi, ammo o‘shanda jamoaga kerak emasdi».
Avvaliga, Edegor asosiy tarkib bilan mashg‘ulotlarda qatnashib, asosan Zidan shug‘ullantiradigan «Kastilya»da o‘ynab yurdi. Norvegiya terma jamoasi futbolchisi Zizu bilan til topishib ketmadi, lekin bu «Real»ning asosiy jamoasida debyut qilishga xalaqit bermadi. 2015 yilda, Ispaniya chempionatining so‘nggi turida, «Xetafe» bilan o‘yinda Martin zaxiradan maydonga tushdi. U Krishtianu Ronaldu o‘rnini egallagandi.
Shu bilan Martinni «Real»da ko‘rmadik. Hozir Edegorni hatto «Real»ning muxlislari ham unuta boshlagan, ahyon-ahyonda o‘tmishda umid qilingan, lekin porlamagan yulduz sifatida eslab qo‘yishadi. Aslida ham shunaqami? Quyida shu haqida ba'zi ma'lumotlarni keltiramiz. Ba'zi mutaxassislarning kuzatishicha, Edegorning keyingi faoliyati shamolda uchib yurgan bargni emas, juda chuqur ishlab chiqilgan rejaning bir bo‘lagi ekan.
«Kastilya» darajasi Edegorga torlik qilayotgani ma'lum edi, shuning uchun Madrid klubi futbolchi uchun maxsus dastur ishlab chiqdi. Rejaga ko‘ra, futbolchi bir qator mavsumlarni ijarada o‘tkazib, katta futbolga moslashishi kerak edi. «Herenven» va «Vitess»dagi mavsumlar ortidan «Ayaks» tomonidan qiziqish bildirilgani shuni ko‘rsatardiki, «Stryomsgodset» tarbiyalanuvchisi to‘g‘ri yo‘lda.















