Jamiyat | 17:05 / 08.10.2019
7995
2 daqiqa o‘qiladi

Xatirchi tuman O‘STK rahbari ishiga qayta tiklandi - Kun.uz’da yoritilgan masala sudda ko‘rildi

Kun.uz saytida joriy yilning 22 sentabr kuni «Vatanparvar»ning Navoiydagi tizimidagi ziddiyatlar: Xatirchi tuman bo‘limi jamoasi viloyat tashkiloti raisidan norozi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

«Vatanparvar» tashkilotining Xatirchi tuman o‘quv sport texnika klubi jamoasi murojaati asosida o‘rganilgan surishtiruvda jamoa «Vatanparvar» viloyat tashkiloti raisi tomonidan o‘zlariga nisbatan nohaqlik qilinayotgani, buning ortidan klub boshlig‘i Akmal Po‘latov ham ishdan olingani, ular bundan norozi ekanliklarini bildirishgan edi.

«Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti tomonidan klub rahbarligidan olingan A.Po‘latov biz bilan suhbatda barcha ishlar joyida bo‘lishiga qaramasdan viloyat tashkiloti rahbari unga nohaq intizomiy jazolar berishi, ochiqcha ziddiyatga borishi, bu o‘ziga nisbatan uyushtirilayotgan fitnaga o‘xshashini bildirgan edi.

O‘z navbatida «Vatanparvar» tashkilotining Navoiy viloyat tashkiloti raisi J.Dostonov A.Po‘latovning o‘zboshimchalik bilan qilgan ishlari ko‘pligi, intizomiy jazolari borligi, bu ish bilan prokuratura organlari shug‘ullanayotganini ma'lum qilgandi.

Ushbu nizo A.Po‘latovning ishga tiklashga doir da'vo arizasi asosida fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi.

Sudning 2019 yil 3 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan A.Po‘latov Xatirchi tuman o‘quv sport-texnika maktabi rahbarligiga qayta tiklandi. «Vatanparvar» tashkiloti Navoiy viloyati tashkilotining Akmal Po‘latov bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida 2019 yil 25 iyul kunidagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topildi. Shuningdek, A.Po‘latovning majburiy bekor yurgan kunlari uchun ish haqi undirilishi belgilandi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid