O‘zbekiston | 16:50 / 18.10.2019
10316
2 daqiqa o‘qiladi

Qum-shag‘alni noqonuniy qazib olganlik uchun jarima keskin oshirilishi kutilmoqda

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi

O‘zbekistonda noruda foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanganlik uchun jarima miqdori sezilarli oshirilishi kutilyapti. Tegishli qonun juma kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ma'qullandi.

Qonun kuchga kirgan taqdirda, mazkur huquqbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 50dan 70 baravarigacha (hozir – 10dan 20 baravargacha), mansabdor shaxslarga esa 100 baravardan 150 baravarigacha (hozir – 30dan 50 baravargacha) jarima belgilanadi.

«Respublikada noruda foydali qazilmalardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha 2017 yilda 127ta ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan. 2018 yilning sentabr-noyabr oylarida bu ko‘rsatkich 61tani tashkil etdi.

Shu bilan birga, 2019 yilning birinchi yarim yilligida Toshkent viloyatida 4ta, Sirdaryo viloyatida 2ta holatda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan takroran 1 618.2 mlrd. so‘mlik noruda foydali qazilma noqonuniy kavlab olingan. Bu sub'yektlar 2018 yilda 837.8 mln.so‘mlik noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olgani uchun javobgarlikka tortilgandi», – degan deputat Nazir Sobirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, noruda (nometall) foydali qazilmalar – tabiiy holatda yoki turli xil ishlov berilganidan so‘ng sanoat va qurilishda foydalaniladigan qattiq tog‘ jinslari yoki minerallardir.

Ularning turi yuzdan ortiq, jumladan qum-shag‘al ham noruda foydali qazilmalarga kiradi. Tabiiy tuz, gil, asbest, grafit, keramika, shisha xomashyosi kabilar yoki zeb-ziynat buyumlari yasashda ishlatiladigan qimmatbaho toshlar (olmos, zumrad, yoqut, feruza) ham shular jumlasidan.

Mavzuga oid