Jahon | 15:20 / 20.10.2019
10014
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Suriya shimolidagi harbiylarini Iroq hududiga ko‘chirmoqda

Suriya shimolidan olib chiqib ketilayotgan ming nafarga yaqin amerikalik harbiylar Iroq g‘arbiga joylashtirilishi va ular IShIDga qarshi kurashni davom ettirib, «Iroqni himoya qilishi» kutilmoqda. Bu haqda AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper ma'lum qildi.

«AQSh Suriya shimoli-sharqidan harbiylarini olib chiqishda davom etadi. Bu yerda bir necha kun emas, haftalar haqida gap ketmoqda.

Rejamizga asosan, bu kuchlar Iroq g‘arbiga joylashtiriladi», – degan Esperning so‘zlarini keltirdi Reuters.

Pentagon rahbarining ma'lum qilishicha, Suriyadan Iroqqa ko‘chirilgan harbiylarga «Iroqni himoya qilish» missiyasi yuklatiladi, ular IShIDga qarshi operatsiyalar ham o‘tkazishi mumkin.

Mark Esper / Foto: Reuters / Erin Scott

Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur reja beqarorlik tufayli vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkin.

Amerikaliklar qo‘shinni ko‘chirib o‘tkazishda ham samolyotlar, ham harbiy kolonnalardan foydalanishyapti.

Qayd etish kerak, bungacha ham Iroq hududida AQShning taxminan 5 ming askari bor. Ular Iroq harbiylarini shug‘ullantiradi, shu bilan birga IShID kuchlarining qayta uyg‘onishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mas'ul.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Suriya bilan chegarada «xavfsiz hudud» yaratish uchun «Tinchlik bulog‘i» operatsiyasini boshlashidan oldin, AQSh bu hududdan o‘z harbiylarini olib chiqib keta boshlagan edi.

Mavzuga oid