14 oktabr kuni Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atgandi.

Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda «Avto oltmish oy» MChJ vakillari va mijozlari tomonidan jamiyat rahbari Jamshid Bahodirovni ozod qilish to‘g‘risida videomurojaatlar paydo bo‘ldi. Holatga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti bo‘limi boshlig‘i Azizbek Dolixodjayev bilan suhbatlashdik. Ma'lum bo‘lishicha, MJCh 17 ming odam bilan avtomobil olib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan, bu odamlardan 40 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yig‘ib olingan, Jamshid Bahodirov esa bu pullarning 3,6 milliard so‘mdan ortiq boshqa maqsadlarda ishlatib yuborgan.

«UzAuto Motors» kompaniyasining Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan murojaati yuzasidan vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati shaffofligini o‘rganish maqsadida, moliya-xo‘jalik faoliyati hujjatli taftish o‘tkazish yo‘li bilan tekshiriladi.

Azizbek Dolixodjayev
Ayni vaqtda «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining bosh ofisi va viloyatlardagi filiallarida mavjud buxgalteriya hujjatlarini aniqlab olish maqsadida tergov guruhlari tomonidan tintuv-tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.








