XDP saylovda g‘alaba qozonsa Ochilboy Ramatov nomzodini bosh vazir lavozimiga ilgari suradi
O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi agar parlament saylovida g‘alaba qozonsa Ochilboy Ramatov nomzodini Bosh vazir lavozimiga ilgari surishini ma'lum qildi.

Bu haqda 25 oktabr kuni «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan «Davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda siyosiy partiyalar ishtirokining dolzarb masalalari» mavzusida siyosiy partiyalar, OAV, blogerlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida davra suhbatida ma'lum qilingan.
«O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasida bosh vazir nomzodini taklif etish bo‘yicha zaxira yaratilgan. Ayni vaqtda bosh vazir birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Ochilboy Ramatov 1991 yildan beri partiyamiz a'zosi, O‘zbekiston Qahramoni, necha yillardan beri bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Zaxiraga shu kishining nomzodini qo‘yganmiz», degan O‘zXDP raisining Tashkiliy-nazorat va kadrlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev tadbir davomida berilgan savolga javoban.
Ma'lumot uchun, 2016 yil 14 dekabridan beri Abdulla Aripov O‘zbekiston bosh vaziri hisoblanadi, uning nomzodi O‘zLiDePning 2016 yil 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyida bosh vazirlikka ko‘rsatilgan va Oliy Majlis palatalarining 14 dekabr kuni o‘tkazilgan qo‘shma majlisida tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, boshqa partiyalarda ham saylovda ko‘p ovoz to‘plasa Bosh vazir lavozimiga kimni nomzod qilish bo‘yicha zaxira shakllantirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni bo‘lib o‘tadi. Joriy saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi - shulardan 2 milliondan ziyod yoshlar ilk bor ovoz beradi. Ushbu saylovlarga davlat budjetidan 230 milliard 549 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Mavzuga oid

17:43 / 21.11.2024
Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlarning barchasi o‘z lavozimini saqlab qoldi (foto)

12:22 / 16.11.2023
Ochilboy Ramatovning parlament so‘roviga yuborgan javobi deputatlarni qoniqtirmadi

17:06 / 28.09.2023
Sergeli bo‘yicha hukumat komissiyasiga qanday vazifalar yuklandi?

11:27 / 28.09.2023