IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy amerikalik harbiylar tomonidan Suriyada o‘tkazilgan harbiy amaliyot vaqtida o‘ldirilgan. Bu haqda Fox News telekanali AQSh ma'muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorga tayangan holda xabar tarqatdi.
Telekanal harbiy manbasining so‘zlariga ko‘ra, Suriyaning Idlib viloyatida AQSh boshchiligidagi harbiy kuchlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus amaliyot vaqtida «IShIDning muhim obekti» yo‘q qilingan. Gap katta ehtimol bilan al-Bag‘dodiy haqida ketayotgani tusmol qilinmoqda. Bu ma'lumotni AQSh prezidenti ma'muriyatidagi boshqa bir manba ham tasdiqlagan.
IShID rahbari halok bo‘lgani haqida AQSh Qurolli kuchlari vakiliga asoslangan Newsweek, o‘z manbasiga asoslanib CNN va Reuters ham xabar tarqatdi.
Nashrlarda yozilishicha, Pentagon «yuqori ishonch bilan» Oq uyga 26 oktabr kuni o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida orasida al-Bag‘dodiy ham bo‘lgan guruh yo‘q qilingani haqida ma'lumot yetkazgan. Xabar qilinishicha, prezident bir hafta muqaddam shunday amaliyot o‘tkazilishini ma'qullagandi. Shuningdek, hujum vaqtida terrorchi o‘zini portlatib yuborgani haqida ham aytilmoqda. Hozircha hujumga uchragan terrorchilar guruhida bo‘lganlarning shaxsini aniqlashtirish ishlari davom etmoqda.
Iroq razvedka xizmatidagi manba ham Suriya hukumati ularni al-Bag‘dodiy o‘ldirilgani haqida xabardor qilganini ma'lum qildi.
Bu xabarlar ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp ham tvitterdagi sahifasida «juda muhim voqea» sodir bo‘lgani haqida yozdi. Lekin u nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi. Oq uy ham Amerika prezidenti «muhim bayonot» bilan chiqishi kutilayotganini ma'lum qilgan. Prezidentning bu chiqishi mahalliy vaqt bilan soat 9:00ga (Toshkent vaqti bilan soat 18:00) belgilangan.
Something very big has just happened!
— Donald J. Trump (@realDonaldTrump) October 27, 2019
Mo‘suldan beri hech kim uni ko‘rmagan
Al-Bag‘dodiy 2014 yilda Iroqning Mo‘sul shahridagi masjidda turib Suriya va Iroq hududida xalifalik tuzilganini e'lon qilgach, hech kim ko‘rmagan. O‘tgan vaqt davomida uning og‘ir jarohat olgani, o‘ldirilgani yoki asirga olingani haqida ko‘p marta xabar tarqalgan, ammo bu xabarlarning birortasi rasman tasdiqlanmagan.
2019 yil aprelida IShIDning tashviqot kanali orqali Bag‘dodiyga o‘xshash kishi tasvirlangan videorolik tarqalgandi. 2019 yil sentyabrida esa uning ovozi yozilgani aytilgan audioyozuv tarqatildi.










