AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaga yangi yetakchi kerakligini aytib chiqqanidan keyin Yevropaning yirik davlatlari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qoʻllab-quvvatlashini bildirmoqda.
Germaniya TIV rahbari Yohann Vadeful Germaniya Ukraina va uning hukumati tomonida ekanini, «prezidentni uning murakkab vazifalarini bajarishida toʻliq qoʻllab-quvvatlashi»ni aytdi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Striting esa shunday degan: «Biz prezident Zelenskiyni qoʻllab-quvvatlaymiz». U London «Gʻarbning Ukrainani qoʻllab-quvvatlashdagi qatʼiyati va mustahkam birligi»ni koʻrishni xohlashi va bunga hissa qoʻshishni oʻz burchi deb bilishini taʼkidlagan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Parij «Ukraina va prezident Zelenskiy tomonida qolishda davom etishi»ni aytib oʻtdi.
Tramp shanba kuni jurnalistlar bilan muloqot chogʻida Zelenskiy «koʻplab kelishuvlar tuzishi mumkin boʻlgani, ammo negadir bunday qilmayotgani»dan shikoyat qildi va Ukraina «yangi prezident saylashi vaqti kelgani»ni aytdi.
Zelenskiyning oʻzi esa bunga javoban urush yakunlanmasidan ham yangi prezidentlik saylovlari oʻtkazishga tayyorligini bildirdi, ammo buning uchun 60 kunlik sulh soʻradi. U ukrain xalqining har qanday tanlovini qabul qilishga tayyorligini maʼlum qilgan. «Agar prezident Tramp chindan ham saylovlar orqali oʻzgarishlar boʻlishini xohlasa – men bu haqda uning jamoasiga ham aytganman – marhamat, Putinga yetkazishsin: bizga ikki oy, nafas rostlash uchun 60 kun muhlat berishsin. Oʻt ochish 60 kunga toʻliq toʻxtatilsin – va biz saylovlarni tashkillashtiramiz», – deya qayd etdi Zelenskiy.
Tramp va Zelenskiy oʻrtasidagi ziddiyat AQSH prezidentining Kiyevdan Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari boʻylab zarbalarni toʻxtatishni talab qilishi, shuningdek, Vashington va Moskva oʻrtasida Rossiya dizeli eksportiga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni yumshatish boʻyicha kelishuv tuzilishi fonida diqqat markaziga chiqdi.
Tramp yakshanba kuni kechqurun Rossiya va Ukraina energetika sulhi boʻyicha kelishib olgani haqida eʼlon qildi. U bu bilan nimani nazarda tutgani aniq emas. Zelenskiy avvaliga Trampning soʻzlari oʻzi uchun «yangilik boʻlgani»ni aytib chiqdi, ammo keyinroq Ukraina qurolli kuchlariga Trampning eʼloni boʻyicha «barcha tegishli buyruqlar berilgani»ni aytdi, ammo bu bilan aynan qanday buyruqlar berilganini ochiqlamadi.
Bugun tongda esa Zelenskiy Trampning bayonotidan koʻp oʻtmay Rossiya dronlari Xarkivdagi elektr stansiyasiga zarba bergani haqida maʼlum qildi. U «Putin Truth Social’ni oʻqimasligi, uning „shahidlari“ boshqa koʻrsatmalar boʻyicha harakat qilgani» haqida gapirdi. Zelenskiy Ukraina Rossiya zarbalariga javob qaytarishiga toʻgʻri kelishidan ogohlantirgan.















