O‘zbekiston | 15:08 / 30.10.2019
6444
16 daqiqa o‘qiladi

Qurolli Kuchlar aviatsiyasi uchuvchilar tarkibini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari aviatsiyasining uchuvchilar tarkibini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi e'lon qilindi. Tegishli hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan.

Tibbiy ko‘rik quyidagilarni aniqlash maqsadida o‘tkaziladi:

uchuvchilar tarkibini sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra uchuvchilik ishiga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (keyingi o‘rinlarda nomzodlar deb yuritiladi) boshqaruv organlari, Qurolli Kuchlar aviatsiyasi harbiy qism (muassasa)larida uchuvchilik harbiy-hisob ixtisosligi bo‘yicha xizmatga (ishga, o‘qishga) yaroqliligini aniqlash;

ular sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Qurolli Kuchlar aviatsiyasi turlari va uchuvchilik harbiy-hisob ixtisosligi bo‘yicha fuqarolarni to‘g‘ri taqsimlashga ko‘rsatmalar berish;

uchuvchilar tarkibi tomonidan ular harbiy xizmatni (harbiy yig‘inlarni) o‘tash davrida orttirilgan kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning sababiy bog‘liqligini aniqlash (keyingi o‘rinlarda kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning sababiy bog‘liqligi deb yuritiladi);

uchuvchilar tarkibiga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini va ularga reabilitatsiyaning amalga oshirilishining muddati, hajmi va turlarini belgilash.

Uchuvchilar tarkibini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligida, shuningdek tashkiliy-shtat tuzilmalarida uchuvchilar tarkibi bo‘lgan boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarda o‘tkaziladi.

Mudofaa vazirligi muassasalarida uchuvchilar tarkibini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun tibbiy-uchuvchilik komissiyalari (TUK) tashkil etiladi. Zarurat tug‘ilganda vazirlik va idoralar uchuvchilar tarkibini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun Mudofaa vazirligi Harbiy tibbiy muassasalarida tuzilgan TUKlarga yuboradi.

TUK tarkibiga rais, rais o‘rinbosari va komissiya a'zolari: terapevt, nevropatolog, jarroh, otolaringolog, oftalmolog kiradi. Tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun boshqa mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.

TUKga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

harbiy qismlarda (muassasalarda) uchuvchilar tarkibini davolash–sog‘lomlashtirish ishlarini va ularni muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishini nazorat qilish;

uchuvchilar tarkibining sog‘lig‘i va psixologik holatiga uchuvchilik ishining ta'sirini aniqlash;

uchuvchilar tarkibining yuqori professional ish qobiliyatini saqlash va sog‘lig‘ini mustahkamlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uchun tibbiy tekshiruv natijalarini yig‘ish, umumlashtirish va tahlil qilish;

uchuvchilar tarkibi sog‘lig‘i holatiga kasbiy omillarning salbiy ta'sirini kamaytirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish;

harbiy xizmatchilar, harbiy yig‘inlarni o‘tayotgan fuqarolar, harbiy xizmatni (harbiy yig‘inlar) o‘tab bo‘lgan fuqarolarda kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlar hamda ularni o‘limga olib kelgan kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning sababiy bog‘liqligini aniqlash;

uchuvchilik ishidan ketayotgan vaqtida fuqarolarning sog‘lig‘i holati bo‘yicha uchuvchilik ishiga yaroqliligini aniqlash;

ilmiy-tadqiqot ishlarni olib borish;

TUK ishida ishtirok etayotgan shifokor-mutaxassis va o‘rta tibbiyot xodimlarni tayyorlash.

TUK ishini nazorat qilish, ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy-tibbiy komissiya (MHTK) zimmasiga yuklanadi.

TUK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi 111-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat aviatsiyasining aviatsiya tarkibiga taalluqli lavozimlar ro‘yxatiga kiruvchi uchuvchilar tarkibi lavozimini egallab turgan, shuningdek yuqorida ko‘rsatilgan lavozimlarda xizmatni o‘tash uchun saralangan shaxslar, UTT HTM ga o‘qishga kirayotgan nomzodlar, UTT HTM kursantlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim.

TUKlarning tuzilish tartibi, ularning huquqlari va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq belgilanadi.

Uchuvchilar tarkibining tibbiy tekshiruvi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish mazkur Nizom, uchuvchilar tarkibining harbiy-tibbiy ekspertizasi maqsadida amaldagi tekshiruv uslublari va MHTK ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tibbiy tekshiruv - bu tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan oldin amalga oshiriladigan fuqaroning shikoyatlarini yig‘ish va tahlil qilish, uning anamnez ma'lumotlari va ko‘rigi, laborator, instrumental, morfologik va boshqa tahlillar o‘tkazish yordamida diagnostik tadbirlar kompleksidir.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan oldin uchuvchilar tarkibining sog‘lig‘i holati, organizmning parvozga fiziologik moslashuvchanligi, parashyut bilan sakrashini aniqlash maqsadida majburiy laborator – instrumental tekshiruvlar ro‘yxatiga kiritilgan diagnostik tekshiruvlar amalga oshiriladi.

Zarurat tug‘ilganda tibbiy ko‘rsatmalarga asosan boshqa diagnostik tekshiruvlar o‘tkazilishi ham mumkin.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish deganda uchuvchilik ishiga, uchuvchilarning harbiy-hisob ixtisosligi bo‘yicha xizmatga (ishga, o‘qishga) yaroqliligini aniqlash maqsadida Qurolli Kuchlar aviatsiyasining turlari bo‘yicha uchuvchilar tarkibini to‘g‘ri taqsimlash uchun uni o‘tkazish vaqtida uchuvchilar tarkibining sog‘lig‘i holati va jismoniy rivojlanganligini o‘rganish va baholash tushuniladi, shuningdek mazkur Nizomda ko‘zda tutilgan boshqa masalalarni yozma ravishda xulosa chiqarish bilan hal qilish tushuniladi.

Fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning yakunida, ayrim holatlarda esa aniqlangan tibbiy-ekspert yakunida amalga oshiriladi.

TUK o‘z xulosalarini maslahatlashgan holda, yig‘ilishda qatnashayotgan komissiya a'zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qiladi. TUK xulosalari barcha mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi lozim.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kunduzgi yorug‘likda, bunday ishlar uchun maxsus mo‘ljallangan jihozlangan xonalarda amalga oshiriladi. Yorug‘lik yetarli darajada bo‘lmasa, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun yetarli darajada bo‘lgan sun'iy yorug‘likda amalga oshiriladi.

Shifokor-mutaxassislarning xonalari tibbiy uchuvchilik komissiyasi shifokor mutaxassislar xonalarining jihozlanishi lozim bo‘lgan dori vositalari va tibbiy anjomlarining ro‘yxatiga asosan tibbiy ko‘rikni o‘tkazish uchun zaruriy dori vositalari va tibbiyot anjomlari bilan ta'minlanadi.

TUK tomonidan ish kuni mobaynida 25 kishidan ortiq bo‘lmagan uchuvchilar tarkibini, UTT HTMga o‘qishga kirayotgan 30 kishidan ortiq bo‘lgan nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Fuqaro yoki uning qonuniy vakili TUKning xulosasidan norozi bo‘lgan taqdirda MHTKga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

TUK tomonidan chiqarilgan xulosa, agar xulosada boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sanadan boshlab bir yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi. TUK tomonidan takroriy yoki navbatdagi xulosa qabul qilinganda, avvalgi xulosa bekor qilinadi (uchuvchilik ishiga vaqtinchalik yaroqsizligi va kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning sababiy bog‘liqligi to‘g‘risidagi TUKning xulosasi bundan mustasno). Agar TUKning xulosasi belgilangan muddatda ijro etilmagan bo‘lsa, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan shaxsning arizasi yoki harbiy-tibbiy muassasalar shifokor-mutaxassislarining xulosasida ko‘rsatilgan muddatdan qat'iy nazar, ushbu shaxsning sog‘lig‘i holatida yaqqol o‘zgarishlar qayd etilsa, tibbiy ko‘rikdan qaytadan o‘tkaziladi.

TUK xulosasining amal qilish muddati tugagan uchuvchilar tarkibi parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilmaydi. Alohida vaziyatlarda, maxsus vazifalarni bajarishda, biror-bir sabablarga ko‘ra ayrim shaxslarning tibbiy ko‘rigini belgilangan muddatda o‘tkazishni iloji bo‘lmasa, Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari (HHMQ va HHK) tibbiy ta'minot xizmati boshlig‘i hamda MHTK raisi bilan kelishilgan holda harbiy qism (muassasa) tibbiyot xizmati boshlig‘i chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgandan keyin TUKning oxirgi xulosasiga muvofiq uchuvchilik ishini davom ettirish uchun bir oy muddatga ruxsat berishi mumkin.

Fuqaroning uchuvchilik ishiga, uchuvchilar harbiy-hisob ixtisosligi bo‘yicha xizmatga (ishga, ta'limga) yaroqliligi TUK tomonidan fuqarolarning sog‘lig‘i holati talablariga muvofiq belgilanadi.

Uchuvchilar tarkibining sog‘lig‘i holatiga qo‘yilgan talablar – uchuvchilar tarkibining sog‘lig‘i holati va jismoniy rivojlanganligini tavsiflovchi tibbiy ko‘rsatkichlar, ularga asosan uchuvchilik ishi, uchuvchilik ta'limi, tegishli uchuvchilar harbiy-hisob mutaxassisligi bo‘yicha xizmatga (ishga) yaroqlilik toifasi belgilanadi.

Fuqarolarning sog‘lig‘i holatiga qo‘yilgan talablar, kasalliklar va jismoniy nuqsonlar jadvali hamda alohida moddaga beriladigan sharhlarda, shuningdek me'yorda va ovqatlanish buzilishida bo‘y va tana vazni nisbatining jadvalida belgilangan.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxslar kasalliklar jadvalining quyidagi ustunlar bo‘yicha taqsimlanadi:

I ustun – UTT HTMga o‘qishga kirayotgan nomzodlar va UTT HTM kursantlari (IV-V bosqich kursantlari bundan istisno);

II ustun – qiruvchi-samolyotlar, bombardimonchi samolyotlar, hujumchi samolyotlarda uchuvchi uchuvchilar va shturmanlar;

III ustun – porshenli va transport samolyotlarida uchuvchi uchuvchilar va shturmanlar;

IV ustun – barcha turdagi vertolyotlarda uchuvchi uchuvchilar, uchuvchi-operatorlar, shturmanlar;

V ustun – uchuvchi ekipajlarining boshqa a'zolari, parashyutchilar, uchuvchisiz uchish apparati bo‘linmalarining uchuvchi-operator, shturman-operatorlari (UUA operatorlari);

VI ustun – parvoz boshqaruvchilari.

UTT HTMning IV-V bosqich kursantlari uchish apparatlarini turiga qarab parvozlarni bajarishda, Kasalliklar jadvalining tegishli ustunlari bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

TUK xulosasida tashxis, kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning sababiy bog‘liqligi ko‘rsatilishi zarur. Undan keyin uchuvchilik ishiga (uchuvchilik ta'limi, parashyut bilan sakrash, UUA operatorlik ishi, parvozlar boshqaruviga) yaroqlilik toifasini belgilaydigan moddalar (moddalarning bandlari) va Kasalliklar jadvali ustunlari yoziladilar. Bundan tashqari uchuvchilik ishiga yoki harbiy mutaxassislik bo‘yicha ishga yaroqsiz deb xulosa chiqarilganida, TUK tomonidan harbiy xizmatga yaroqlilik toifasi, shuningdek, kasallik, shikastlanish, yaradorlik, jarohatlarning sababiy bog‘liqligi to‘g‘risidagi xulosa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 dekabrdagi PQ–4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom talablariga muvofiq chiqariladi.

TUK uchuvchilik ishiga yaroqli yoki cheklangan ravishda yaroqli to‘g‘risidagi xulosani chiqarganda MHTK raisining ruxsati bilan muddatdan oldin (olti yoki o‘n ikki oydan so‘ng) qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni belgilashi, hamda keyingi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish statsionar sharoitda amalga oshirilishi zarurligini ko‘rsatib o‘tishi kerak.

Kasalliklar jadvali ayrim moddalar (moddalar bandlari) bo‘yicha yakka tartibdagi baholashni ko‘zda tutgan holatlarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxs uchuvchilik ishiga yaroqli, cheklangan ravishda yaroqli yoki yaroqsiz deb topilishi mumkin. Bunda quyidagilarni inobatga olish zarur:

kasallikning rivojlanish darajasi;

patologik jarayonning qaytalanishi;

mavjud bo‘lgan buzilishlarning kompensatsiya darajasi;

sog‘lig‘i holatida o‘zgarishlar mavjud bo‘lganda uchuvchilik ishidagi tajribasi;

uchuvchilik ishini davom ettirishda kasallikning rivojlanish ehtimoli;

uchuvchilik ishini bajarish sifatiga kasallikning ta'siri;

individual-psixologik xususiyatlari;

uchuvchilik mutaxassisligi, xizmat staji, tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxsning malakasi va aniq maqsadga yo‘naltirilgani;

bajarilayotgan uchuvchilik ishining xarakteri;

uchuvchilik ishida kelgusida foydalanish maqsadga muvofiqligini.

Uchuvchilik ishiga (uchuvchilik ta'limiga) yaroqliligi to‘g‘risidagi xulosa parashyut bilan sakrashga va yerdagi katapulta vositasidan irg‘ishga yaroqli ekanligini ko‘zda tutadi. Agar tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan shaxs sog‘lig‘i holati sababli parashyut bilan sakrash va yerdagi katapulta vositasida irg‘ishni bajara olmasa, TUK xulosasida u parashyut bilan sakrash va yerdagi katapulta vositasida irg‘ishga vaqtinchalik yaroqsiz deb ko‘rsatib o‘tadi.

Uchuvchilik ishiga yaroqli yoki cheklangan ravishda yaroqli deb topilgan uchuvchilar va shturmanlar parvozlarni boshqarishga ruxsat etiladi.

Uchuvchilik ishiga cheklangan ravishda yaroqli deb topilgan shaxslar, aviatsiya turlariga ularning taalluqliligiga muvofiq Kasalliklar jadvalining cheklanishlar bilan ruxsat etilgan ustunlari bo‘yicha hamda uchuvchilik ishiga sog‘lig‘i holatining past talablariga ega bo‘lgan ustunlar bo‘yicha yaroqli deb topilganlar hisoblanadi.

Uchuvchilik ishiga (uchuvchilik ta'limiga) vaqtincha yaroqsizlik deganda uchuvchilar tarkibi va UTT HTM kursantlari harbiy xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish bilan parvozdan vaqtinchalik ozod qilinishi uchuvchilar tarkibi uchun 45 kungacha, kursantlar uchun 30 kungacha tushuniladi. Uchuvchilar tarkibi va uchuvchilar ekipajining boshqa a'zolari, UTT HTM kursantlari harbiy xizmatga vaqtinchalik yaroqsizligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi haqida”gi nizomga muvofiq qo‘shimcha ta'til berilishini nazarda tutadi. Har yili ko‘rsatilgan shaxslarga harbiy sanatoriylarda tibbiy reabilitatsiya uchun profilaktik dam olish maqsadida qo‘shimcha 15 sutkalik ta'til beriladi. Ko‘rsatilgan muddat tugagach TUKda tibbiy ko‘rikdan qayta o‘tkaziladi va uchuvchilik ishiga (uchuvchilik ta'limiga) yaroqlilik yoki yaroqsizlik haqidagi masala hal etiladi.

Zarurat tug‘ilganda kasallik sababli ta'til yoki parvozdan ozod etilishi TUKning xulosasi bilan uzaytirilishi mumkin, biroq har safar 30 sutkadan oshmasligi zarur. Davolash muassasalari, sanatoriylar va kasalligi tufayli ta'tilda uzluksiz bo‘lishning umumiy muddati uning uchuvchilik ishiga, shuningdek harbiy xizmatga yaroqli yoki yaroqsizlik toifasi to‘g‘risidagi yakuniy xulosasi chiqarilgunga qadar 4 oydan oshmasligi kerak. Zarurat tug‘ilganda davolanish yoki kasalligi tufayli ta'til muddati 4 oydan ortiq davom etish masalasi qonun hujjatlariga muvofiq taqdim qilinadi.

Kasalligi tufayli ta'til navbatdagi ta'til bilan almashtirilishi taqiqlanadi. Harbiy qism (muassasa), UTT HTM, harbiy tibbiy muassasalarning shifokorlari uchuvchilar tarkibi va UTT HTM kursantlarini 6 kungacha parvozlardan yoki xizmat vazifasidan to‘liq ozod qilinishlari to‘g‘risida xulosa chiqarishlari mumkin.

Ozod qilish muddatini yanada uzoq vaqtga taqdim qilish zaruriyati tug‘ilganda, ushbu masala TUK tomonidan hal etiladi.

Mavzuga oid