«Yabloko» partiyasi matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, 4-sentabr kuni Moskvada Davlat dumasiga saylovda ishtirok etayotgan ikki nomzod huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.
Anna Shatunovskaya-Byurno uyi yaqinida ushlanib, «Yakimanka» politsiya boʻlimiga olib ketilgan. U Moskvadagi 204-sonli Preobrajenskiy bir mandatli saylov okrugidan Davlat dumasi deputatligiga nomzod sifatida koʻrsatilgan.
Politsiya Shatunovskaya-Byurnoga nisbatan Rossiya Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksining 20.3-moddasi boʻyicha bayonnoma rasmiylashtirgan. Ushbu modda «ekstremistik tashkilotlar ramzlarini targʻib qilish yoki ommaviy namoyish etish» uchun javobgarlikni nazarda tutadi.
Shu kuni fuqarolik kiyimidagi xodimlar «Yabloko»ning yana bir nomzodi Grigoriy Grishinning uyiga borgan. U 197-sonli Leningrad bir mandatli okrugidan saylovda qatnashmoqda.
Partiya vakillarining bildirishicha, Grishindan maʼmuriy materiallarni rasmiylashtirish uchun «Akademicheskiy» politsiya boʻlimiga borish soʻralgan.
Grishin politsiyadan qoʻyib yuborildi
Grigoriy Grishin filologiya fanlari nomzodi boʻlib, rus tili va adabiyotidan dars beradi, shuningdek, hujjatli kino bilan shugʻullanadi.
Unga nisbatan ham Maʼmuriy kodeksning 20.3-moddasi boʻyicha ish rasmiylashtirilganidan keyin politsiyadan qoʻyib yuborilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning Grishinga nisbatan eʼtirozi uning 2024-yilda Telegramʼda eʼlon qilgan posti bilan bogʻliq ekani aytilmoqda.
Agar sud Grishin va Shatunovskaya-Byurnoni ushbu huquqbuzarlikda aybdor deb topsa, ular saylov kampaniyasidan chetlatilishi mumkin.
«Yabloko»ning yana bir nomzodi 1-sentabrda ushlangan
Partiyaning yana bir nomzodi Artyom Snegovskiy 1-sentabr kuni Moskvada ushlangan edi. U 198-sonli Lyublino bir mandatli okrugidan Davlat dumasiga saylovda qatnashmoqda.
Snegovskiyga nisbatan 2022-yildagi publikatsiyasi sabab Maʼmuriy kodeksning 20.3.3-moddasi - Rossiya Qurolli kuchlarini «obroʻsizlantirish» boʻyicha maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.
Biroq bu modda boʻyicha maʼmuriy javobgarlikka tortilish, 20.3-moddadan farqli ravishda, oʻz-oʻzidan nomzodning saylov kampaniyasida ishtirok etish huquqidan mahrum boʻlishiga olib kelmaydi.















