Tojikiston davlat xavfsizlik organlari faxriysi Davlatxo‘ja Nazirov 6 noyabr kuni aynan IShID jangarilari Tojikiston-O‘zbekiston chegarasidagi Ishkobod chegara zastavasiga hujum qilganiga ishonmayapti. Bu haqda Asia-Plus yozmoqda.
«IShIDchilarning 20 kishidan iborat guruhi Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegarasini yashirin ravishda kesib o‘tgani ehtimoldan yiroq narsa. Bundan tashqari, uch kun davomida ular Qubodiyondan Rudakiy viloyatiga qadar 200 kilometr masofani bosib o‘tib, mamlakat hududi bo‘ylab sezdirmasdan yurishgani va deyarli poytaxtga yaqinlashishga muvaffaq bo‘lishgani umuman ishonish qiyin bo‘lgan holat», - dedi davlat xavfsizligi organlari faxriysi Asia-Plus’ga bergan intervyusida.
Shuningdek, u jinoiy guruh tezda yo‘q qilinganiga shubha bildirdi.
«Jangarilar kutilmaganda hujum qilish imkoniga ega edi, ular bundan foydalanmagan. Bundan tashqari, barchaga ma'lumki, IShID jangarilari Tojikiston xavfsizlik kuchlari tezkor ravishda bostirgan yuqoridagi kabi hujumni o‘ta uquvsizlik bilan tashkil etishmaydi», - deydi ekspert.
SSSR KGB sobiq polkovnigining Asia-Plus’ga aytishicha, yo‘q qilingan guruh terrorchilik va ekstremistik kayfiyatdagi Tojikiston fuqarolaridan iborat bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
«Ehtimol, ular Afg‘onistondan Tojikistonga emas, balki Tojikistondan Afg‘onistonga ketish chog‘ida, yo‘lda chegara zastavasiga hujum qilishgan. Ularning Dushanbe shahri avtomobil raqamlariga ega mashinalarda harakatlangani ham shundan dalolat beradi», - deya hisoblaydi ekspert.

Uning ta'kidlashicha, «chegara zastavasiga hujum Afg‘onistondagi terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni niyat qilgan mahalliy ekstremistlar tomonidan amalga oshirilgan».
2019 yil 6 noyabrga o‘tar tunda qurollangan guruh Tojikiston-O‘zbekiston chegarasida joylashgan chegara zastavasiga hujum qildi. Hujum «Sultonobod» chegara otryadi harbiy qismining Ishkoboddagi 4-sonli chegara zastavasiga amalga oshirilgan.







