Ikki hafta oldin «Real» bobokalonlaridan biri Xorxe Valdano klubning ikki braziliyalik yulduzini solishtirib ko‘rgandi.

«Ular bir-biridan farq qiladi. Vinisius jismonan kuchliroq, Rodrigo esa tabiatan iste'dodli. Ularning o‘xshash jihati – har ikkisini ham buyuk kelajak kutmoqda», degandi afsonaviy futbolchi.

Biroz ajoyib solishtiruv, zero aynan Vinisius o‘zini ko‘proq braziliyaliklarga o‘xshab tutadi: fint qilishni yoqtiradi, ko‘pincha sheriklarini unutib qo‘yadi, aksincha, bir yosh kichik bo‘lgan Rodrigo esa, hozirdan kattaroq, tajribaliroqdek ko‘rinadi. Va faqat maydonda emas.

Rodrigoning kelishi kutilmagan bo‘ldi, demaylig-u, 2019/20 yilgi mavsum arafasidagi faol transfer muhokamalari orasida sezilmay ham qoldi. «Pogba yoki Eriksen?» savoli Madridda ko‘ndalang bo‘lib turgan paytda Braziliyadan navbatdagi vingerning 45 million yevro evaziga olib kelinishi ko‘pchilikning e'tiborini qozonmadi ham. Ayniqsa, o‘ziga xos iqtidor sifatida tilga olingan Vinisiusning «oddiy vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qila olmayotgani» (bu Braziliya terma jamoasi murabbiyi Tetedan iqtibos) fonida u qadar istiqbolni kafolatlamayotgandi. Lekin Madriddagi «qayta qurish» kechika boshladi, keyin Asensio jarohat oldi, Zidanning Beyl bilan ziddiyati qaytadan boshlandi, Azarning ortiqcha vazni muhokama mavzusi bo‘ldi. Ana shunda, ya'ni Zidan har bir futbolchini potensial asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida ko‘rayotgan bir pallada Rodrigo paydo bo‘ldi. Qarang-a, u bosim ostida ham o‘zini juda yaxshi namoyon qila olar ekan.

18 yoshida «Real» futbolchisiga aylangan Rodrigo, darhol «Kastilo»ga jo‘nadi. Dastlabki oyni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan futbolchi sentyabrda rezerv jamoa tarkibida ikki o‘yin o‘tkazgach asosiy tarkibga qaytdi.

Rodrigo ilk bor «Real» libosini 6-turda, «Osasuna»ga qarshi o‘yinda kiydi va maydonga chiqqanidan 93 soniya o‘tmay gol urdi. Golning o‘zi ham ajoyib urilgandi – Rodrigo to‘pni olib borib, himoyachini ters yo‘nalishda dog‘da qoldirdi va juda kerakli pallada gavdasi bilan to‘pni to‘sib, uni uzoq burchakka joylab qo‘ydi. 18 yoshli futbolchi uchun ajoyib texnika va sovuqqonlik.

Bolalikda «Santos»ning futzal jamoasi tarkibida o‘ynab yurar ekan, Rodrigo o‘z kumiri sifatida Neymarni tanlagandi. Lekin faqat maydonda, maydon tashqarisida esa u Neymarning butunlay teskarisi. Juda kam gapiradi va aytganlari ham, ko‘pincha oddiy, matbuot kotiblarining fikrlaridan farq qilmaydi.

Bu otasining xizmati. O‘z vaqtida futbolchi bo‘lgan Erik o‘g‘lini ommadan imkon qadar uzoq tutishga harakat qiladi, o‘zi savollarga javob berishga to‘g‘ri kelganda esa, eng muhimi muvaffaqiyatlardan boshi aylanib qolmaslik haqida ta'kidlaydi.