Yosh va talantli futbolchilarni barcha yaxshi ko‘radi. Aynan ular tufayli futbol kelajagiga optimistik ruhda qarash mumkin. 2019 yilda Yevropa yashil maydonlarida o‘zini ko‘rsatgan quyidagi futbolchilar 2020 yilda ham muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatishda davom etishiga shubha yo‘q.

Erling Holand, 19 yosh («Zalsburg»/«Borussiya» D)

Foto: © TF-Images / Contributor / / Getty Images Sport / Gettyimages.ru

Zlatan Ibrahimovich faoliyatini yakunlashga ulgurmay, unga munosib voris yetishib chiqdi. To‘g‘ri, Shvetsiyada emas, qo‘shni Norvegiyada. Bir yil muqaddam voyaga yetgan Erling Holand Avstriyaning «Zalsburg» klubi bilan shartnoma imzolagandi. Uning Chempionlar ligasidagi debyuti o‘ta muvaffaqiyatli kechdi — Holand guruh bosqichidagi qatorasiga 5ta o‘yinda gol urdi va bu borada Del Pero, Neymar, Ronaldu va Levandovski bilan tenglashib oldi.

Vunderkind barcha jabhalarda mohir: baland bo‘yli futbolchining tezligi ham, texnikasi ham yaxshi, maydonni ko‘rishi ham. Uni qo‘lga kiritish uchun «MYu» va «Yuventus» kabi gigantlar kurash olib borishdi, juda katta komissiya puli so‘ragan agent Mino Rayola esa ularni qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Holand oldida qiyin tanlov edi, «Yuve» — superklub, Manchesterda esa futbolchini «Molde»daligida kashf qilgan vatandogi Sulsher ishlaydi.

Ammo yangi yilni 19 yoshli forvard nemis klubida boshlaydigan bo‘ldi — avstriyaliklar YeChLning guruh bosqichida qolib ketishdi va norvegiyalik futbolchisini haqiqiy yosh yulduzlar fabrikasi hisoblanadigan Dortmundning «Borussiya» klubiga berib yuborishdi.

Joau Felish, 20 yosh («Benfika»/«Atletiko»)

Foto: © REUTERS / Susana Vera

Yanvar oyi boshida «Benfika» boshqaruviga 43 yoshli mutaxassis Brunu Laji keldi. Uning birinchi qarori 19 yoshli Joau Felishni asosiy jamoada boshlang‘ich tarkibga qo‘yish bo‘ldi. Portugaliya futbolining yangi yulduzi ishonchni oqladi va mavsumning ikkinchi qismini haddan tashqari kuchli o‘tkazdi: «Sporting» va «Portu» kabi asosiy raqiblarga qarshi o‘yinlarda asosiy futbolchiga aylandi, Yevropa Ligasida «Ayntraxt» darvozasiga het-trik yo‘lladi va kattalar futbolidagi birinchi mavsumida 20 gol urdi. Yozda «Atletiko» hech ikkilanmasdan Felish uchun 126 million yevro sarfladi (futbolchi uchun raqobat kuchli edi) va Simeone jamoa o‘yinini aynan uning atrofida qurishga kirishdi.