O‘zbekiston | 17:15 / 15.11.2019
12023
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Mustafoyev: «Murojaatlar bilan ishlashimizda OAVning ko‘magi yaxshi samara bermoqda»

Avval xabar berganimizdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tarkibidagi barcha korxonalar ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi qaror ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda keyingi yillarda energetika tizimi, xususan, elektr energiyasi sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida alohida to‘xtaldi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi Ulug‘bek Mustafoyev o‘z chiqishida birgina joriy yilning o‘zida jamiyat tomonidan 7157,4 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari va 2590 ta transformator punktini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgani, «Obod qishloq» dasturi doirasida esa 481 ta qishloqda 2339,2 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 844 dona transformator punktlarining mukammal ta'mirlash ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda bu boradagi ishlar to‘liq bajarilganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, «Obod mahalla» dasturi doirasida joriy yilda 115 ta mahallada 151,6 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 236 dona transformator punkti mukammal ta'mirdan chiqarildi.

Yuqorida qayd etilgan ishlarni amalga oshirilishi natijasida respublikamiz hududlaridagi 3,2 mingdan ortiq mahalla va qishloqlardagi 3,1 mln. dan ortiq aholi xonadonlari, shu jumladan «Obod qishloq» dasturi doirasida 481 ta qishloqdagi 102 mingdan ortiq va «Obod mahalla» dasturi doirasida 115 ta mahalladagi 23 mingdan ortiq aholi xonadonlarida elektr energiya ta'minoti yanada yaxshilandi.

Jamiyat Boshqaruv raisi ta'kidlaganidek, sohada olib borilayotgan ijobiy ishlar bilan birga, yechimini kutayotgan masalalar ham ko‘pligi, buni iste'molchilardan kelib tushayotgan murojaatlardan bilish mumkinligini aytib o‘tdi. Xususan, joriy yilning noyabr oyi holatiga jamiyatga 42 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 93 foizi qanoatlantirilgan va qolganlari hozirgi kunda ko‘rib chiqish jarayonida.

– Murojaatlar bilan ishlashimizda OAVlarning ko‘magi yaxshi samara berayapti, – deydi Ulug‘bek Mustafoyev. – Chunki biz nazardan qochirgan hududlardagi muammolarga OAV xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlari orqali e'lon qilinayotgan tanqidiy maqolalar e'tiborimizni yanada kuchaytirmoqda. Jamiyatda bevosita mening nazoratim, qolaversa hududiy elektr tarmoqlari korxonalari mutasaddilari tomonidan bunday chiqishlarga amaliy harakatlar bilan tezkorlikda javob qaytarish tizimi joriy qilingan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Mavzuga oid