Kun.uz markaziy davlat organlari rahbarlari bilan sohaviy mavzulardagi intervyularini davom ettiradi.

Navbatdagi suhbatdoshimiz – Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov bo‘ldi.

 – Nega sanitariya-epidemiologik tarmoq ikkiga ajratildi?

 – Joriy yilning 9 sentyabrida prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

 Unga muvofiq, davlat sanitariya-epidemiologik markazlari negizida ikkita tizim – Nazorat inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi shakllanadigan bo‘ldi.

 Shu paytgacha tizimning vazifalari bitta organda mujassamlashgan edi. Ya'ni ishlab turgan tizim ham ijro, ham boshqaruv funksiyasini olib borardi. Sababi, sog‘liqni saqlash tashkilotiga taalluqli bo‘lgan 5000dan ortiq davolash muassasalari ham epidemiologik jihatdan katta ahamiyatga ega.

 DSENM Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida bo‘lgani uchun ushbu muassasalardagi epidemiyaga qarshi hamda profilaktik chora-tadbirlarning amalga oshirilishini nazorat qilish, tekshirish, ularni o‘z vaqtida bartaraf qilish yoki qarshi kurashishda turli muammolarga duch kelayotgandi. Bu tizimli muammolar, «manfaatlar to‘qnashuvi» vujudga kelgandi.

 Shuning uchun rahbariyatimiz tomonidan ushbu tizim chuqur o‘rganilib, Vazirlar Mahkamasi qoshida Sanitariya-epidemiologiya nazorat inspeksiyasini tashkil qilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida ijro funksiyasi bilan bog‘liq bo‘linmalar, bu – epidemiyalarga qarshi kurashish bo‘linmalari, immunoprofilaktika bo‘linmalari, tashqi muhit, insonlardan hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan olinadigan namunalarning xavfsizlik ko‘rsatkichlari tekshiriladigan laboratoriyalar qoldirilib, agentlik sifatida faoliyat olib borishi yuzasidan topshiriqlar berildi.

 – O‘zbekistondagi umumiy epidemiologik vaziyat bo‘yicha ma'lumot bersangiz.