Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani markazida joylashgan ko‘cha yuzidagi ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanayotgani haqida tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Aniqrog‘i, daraxt kesishga moratoriy joriy etilganidan boxabar va befarq bo‘lmagan fuqarolar vaziyatning fotosuratlarini jo‘natishdi.
Biz — Kun.uz muxbirlari voqeani o‘rganish uchun zudlik bilan Past Darg‘om tumaniga yo‘l oldik.
Tuman ichki ishlar bo‘limi kapital ta'mirlanayotgan ekan. Ichki ishlar bo‘limining hududidan tashqarida daraxtlar kesilganiga guvoh bo‘ldik.

Tez orada tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari ham yetib kelishdi. Daraxt kesish haqida hujjat so‘rashdi. Tuman IIB xo‘jalik ishlari mudiri Vohid Ro‘ziyev «yagona darcha»ga murojaat qilib, daraxt kesish uchun ruxsat olinganini aytdi.

Birozdan so‘ng V.Ro‘ziyev ruxsatnomani ham keltirib ko‘rsatdi. Biroq unda tuman IBB hududidagi ikkita archa va qurigan o‘rikni kesishga ruxsatnoma berilgan ekan.

Ayni biz ustiga borgan holatda esa tuman obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan hududida daraxtlar kesilayotgan edi.
Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Jasur Negmatov respublikada bu borada moratoriy joriy qilingani, daraxtlarni kesish mumkin emasligi va bu xatti-harakat javobgarlik keltirib chiqarishi haqida tushuncha berdi.

Keyin aniqlashimizcha, nariroqda — tuman moliya bo‘limi qarshisidagi ko‘chada ham daraxtlar kesilgan ekan. Kimdir xalaqit bergan chog‘i, bitta daraxtga arraning tig‘i botirilgan, lekin kesilmasdan qolib ketibdi.























