GALATASAROY – ISTANBUL B (22 noyabr, 22:30)

Istanbul jamoalari deganda, aslida biz uchta klubni tushunsak-da, so‘nggi yillarda Boshoqshehirning «Istanbul» jamoasi ham bu guruhga qo‘shildi va ayniqsa, «Galatasaroy» bilan qarama-qarshilik Turkiyada so‘nggi yillarning klasikasiga aylandi. Sababi ikki yildan beri «Istanbul chempionlik uchun juda yaqin kelyapti va faqat so‘nggi turlardagina, tajriba o‘z so‘zini aytib, «Galatasaroy» uloqni ilib ketayotgandi.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumning so‘nggi turlaridan birida «Galatasaroy» «Istanbul»ni qabul qilgan va 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishib, chempionlikni rasmiylashtirgandi. Jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixi ham murosasiz – har ikki klubda yettitadan g‘alaba mavjud va uch o‘yin durang bilan yakunlangan. Ushbu mavsum ham katta ehtimol, bosh sovrin mana shu jamoalar o‘rtasida o‘ynalsa kerak.

Raqiblar turnir jadvalida bir xil (19) ochko jamg‘arib, 5-6 o‘rinlarni egallab turgan bo‘lishsa-da, bir g‘alaba ularni peshqadamga aylantirishi ham mumkin. Bu yilgi Superliga juda qiziqarli boshlandi – 8-o‘rindagi «Beshiktosh» 18 ochkoga ega va peshqadam «Sivaspor»dan atigi 3 ochko kam jamg‘argan, xolos.

Ushbu o‘yinda ikki oydan beri barcha musobaqalarda mag‘lubiyatsiz ketayotgan «Istanbul»ning imkoniyatlari biroz yuqori baholanmoqda. Zero mezbonlarning qariyb yarim tarkibi jarohat tufayli uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin. Jarohatlangan Andone, Falkao, O‘zbayroqli, Belhanda, Oqbobo kabi futbolchilardan tashqari, Muslera, Lemina va Babel kabi futbolchilarning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolgan. Mehmonlardan esa, faqat Irfan Jan Kahveji va Deniyel Aleksis jamoaga yordam bera olmaydi.  

VeST HEM – TOTTeNHEM (23 noyabr, 17:30)

Bu London derbisi, kim biladi, shuning o‘zi ham o‘yinga alohida e'tibor berishga yetarli bo‘larmidi, yo‘qmi, ammo Joze Mourino «Tottenhem» murabbiyiga aylangani butun Yevropa ham bu o‘yinni qiziqish bilan kutishiga zamin yaratmoqda. Joze shunaqa, bu yangilik emas.

Umuman olganda, o‘tgan oyning eng omadsiz jamoalarining to‘qnashuvi ancha shiddatli kechishini kutsa bo‘ladi. «Tottenhem»ning APLdagi g‘alabasiz o‘yinlari seriyasi 5 uchrashuvga yetib ulgurdi va jamoa 14-o‘ringa tushib ketdi. «Vest Hem»ning ahvoli undan badtar – Pellegrini shogirdlari so‘nggi marta ikki oy oldin «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozongandi. So‘nggi besh o‘yinning to‘rttasi esa raqiblar foydasiga tugadi. «Vest Hem» 12 turdan keyin 13 ochko jamg‘arib, 16-pog‘onani band etib turibdi.