Kun.uz o‘z yo‘nalishida yutuqlarga erishayotgan, hayotga pozitiv nigoh bilan qaraydigan, qiyinchiliklarni nekbin ruhda yengib o‘tishga harakat qiladigan, yangicha fikrga ega yoshlar haqida hikoya qiluvchi «Optimist» loyihasini boshlamoqda.
Loyihaning birinchi qahramoni – Toshkentda kichik shaxsiy ustaxonasiga ega Muzaffar Yusupov.

U keraksiz narsalarni qayta ishlab, ularni odamlarga qadrli buyumlarga aylantirishning yangicha yo‘lini topgan. Har xil ko‘chma chiroqlar, sovg‘a qutilari, taklifnomalar yasaydi. Turli bo‘yinbog‘lar ham tikadi.




«Ustaxona sharoitida ishlayotganimga ko‘p bo‘lmadi. Lekin ilk ishlarimni bolaligimda – mehribonlik uyida tika boshlaganman. Rang-baranglikni va uni odamlarga ulashishni yaxshi ko‘raman.

Asosiy xomashyoni ko‘chadan topib olib kelaman. Kesilgan yoki arralangan yog‘och bo‘laklarini, shoxlarni yig‘ib kelib, turli narsalar yasayman. Bundan tashqari, keraksiz qutilar, bo‘shagan idishlar yoki turli qismlarni ham yig‘ib, har xil ko‘rinishdagi suvenir, ko‘chma chiroqlar yasayman», – deydi suhbatdoshimiz.
Muzaffarning aytishicha, keraksiz buyumlarni saralayotgan paytda odamlar har doim ham to‘g‘ri munosabatda bo‘lavermaydi.
«Mana shu keraksiz chiqindilardan chiroyli narsalar yarata olishimga ishonaman», – deydi u.

«Har bitta ishimning ismi bor»




















