Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi qanday holatlarda xorijiy oliy ta'lim muassasasining diplomi O‘zbekistonda tan olinmasligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

«O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqi ega bo‘lmagan tashkilotlar haqida xabar berilganidan so‘ng Ta'lim inspeksiyasi telegram botiga (@Uztdibot) foydalanuvchilaridan 1000ga yaqin savollar kelib tushdi.

Yuqoridagi murojaatlarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston OTMlariga kira olmagan yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida xorijda oliy ta'lim olishni va buni hech qanday imtihonsiz, pullik xizmat ko‘rsatish evaziga rasmiylashtirib berishni taklif etayotgan konsalting tashkilotlari faol targ‘ibot ishlarini amalga oshirishmoqda.

Ushbu tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan OTMlarning diplomlari O‘zbekistonda tan olinishi yuzasidan aniqlik kiritish so‘ralmoqda.

O‘zbekistonda xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan amalga oshiriladi. 

Konsalting tashkilotlari tomonidan «dunyodagi yetakchi oliy ta'lim muassasalari», «diplomi O‘zbekistonda sinovlarsiz tan olinadigan universitetlar» deb targ‘ib qilinayotgan, masofaviy va eksternat ta'lim shaklini taklif etayotgan muassasalarning aksariyati o‘z davlatida ham akkreditatsiyadan o‘tmagani ma'lum bo‘lmoqda», deyiladi Ta'lim inspeksiyasi xabarida. 

Ta'lim tizimi rivojlangan davlatlarda ham oliy ta'lim olishda asosiy ta'lim shakli sifatida kunduzgi ta'lim shakli amal qiladi. Masofaviy ta'lim shakli va eksternat ta'lim shakllari esa asosan oliy ta'limdan keyingi kattalar ta'limida va umr davomida ta'lim olishda qo‘llanib kelinadi. 

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizomning 36-bandiga asosan respublikamizda xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etilishi belgilab berilgan: