O‘zbekiston | 19:30 / 01.12.2019
39683
13 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda energetik muammoga yechim, Toshkentdagi maslahatlashuv yakunlari, Senatning navbatdagi majlisi va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Noroziliklar

O‘zbekistonda sovuq kunlar boshlanishi energetika tizimidagi muammolarni ochib tashladi. Bugungi kunda nafaqat chekka hududlarda, balki katta shaharlarda va poytaxtda ham aholi elektr energiyasi, tabiiy gaz, isitish tizimi va boshqa muammolardan aziyat chekmoqda. O‘tgan haftada bunday muammolar turli hududlarda aholining norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi.

27 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Baxt shahrida gaz-zapravka ochilishini kutib turgan haydovchilar o‘zini «O‘zbekneftgaz», «O‘ztransgaz» xodimi deb, zapravkaning gaz hisoblash moslamasini olib, zapravkani «o‘chirib ketgach», «Toshkent—Guliston» yo‘lini to‘sib qo‘ygani tasvirlangan video tarqaldi. 

Shu kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida ham tabiiy gaz yetib bormayotganidan norozi bo‘lgan «Qirantau» ovul fuqarolar yig‘iniga kiruvchi Sho‘rtanbay ovuli aholisi yo‘lni to‘sib, pokrishkalarini yoqishdi. Ikkala holatda ham mutasaddilar norozi odamlar bilan muzokaralar o‘tkazib, muammoni hal etishgan.

28 noyabr kuni esa Andijonda gaz va elektr uzilishlaridan charchagan aholi norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Norozilik aksiyasi Andijon shahrining «Dalvarzin» va unga chegaradosh Oltinko‘l tumanining «Qo‘shtepa» mahallasida elektr tarmog‘ida ko‘p uzilishlar bo‘layotganligi hamda tabiiy gaz yetkazib berilmayotgani ortidan kelib chiqqandi.

27 noyabr kuni Xalqaro press-klubning saylovga bag‘ishlangan jonli efir orqali efirga uzatilayotgan press-konferensiyasi vaqtida elektr ta'minotida uzilish ro‘y berdi va tadbir ishtirokchilari taxminan 5 daqiqa davomida chiroqsiz qolib ketdi.

Shu vaqtda Toshkent metrosidagi uchta bekatda ham chiroqlar o‘chib qoldi.

Hukumat reaksiyasi

28 noyabr kuni Energetika vazirligining elektr energiyasi tizimidagi uzilishlar va nosozliklar bo‘yicha bergan izohi  ertakka qiyoslandi.

«Millionlab odamlar azob chekayotgan bir paytda vazirligimiz bir olimning fikri bilan xalqimizga ertak to‘qibdi. Zig‘ircha aybdorlik hissi yo‘q, peshonang yerga tekkuncha uzr so‘ramaysanmi undan ko‘ra. Tsinizm», deydi Davletovuz kanali muallifi.  

Energetik muammolar sababli 28 noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda bosh vazir «hali qish kelmasidan energoresurslar ta'minotidan jiddiy muammolar paydo bo‘lgani, hatto metro va televideniyeda ham elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq noxush holatlar» yuz berganini keskin tanqid qilgan va buni «sharmandali» deb atagan.

«Ob-havo keskin pasayib ketishi sababli, ushbu maktablarda o‘quvchilar sovuq xonalarda kiyim-bosh bilan ta'lim olishga majbur bo‘lmoqda. Shunday holatda ham bu sohaga mas'ul rahbarlar issiqqina xonalarida bemalol o‘tirishibdi», degan vazir.

30 noyabr kuni O‘zbekiston Turkmanistondan elektr energiyasini import qilishga qaror qilgani ma'lum bo‘ldi. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ 2019 yil 1 dekabr sanasidan respublikamiz elektr energiyasi ta'minotida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berib, tarmoqdagi cheklovlar keskin kamayishini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ro‘yxatida top-15likda joylashgan.

Telegramdagi bakiroo kanali muallifi energetik muammolarni hal qilish uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan besh vazifani sanadi:

  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar har qanday katta yo kichik yangi generatsiyani (shamol, quyosh, gidro, yoqilg‘i - farqi yo‘q) har qanday soliqlardan besh yil muddatga ozod qilish;
  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar har qanday katta yo kichik yangi generatsiyani magistral tarmoqlarga cheklovlarsiz va bepul ulanishini va oxirgi iste'molchiga bevosita sotish imkoniyatini yaratish;
  • mulkchilik shaklidan qat'i nazar har qanday katta yo kichik yangi generatsiya tariflarini kamida besh yilga erkin deb e'lon qilish va  narxlarni tartibga solmaslik;
  • mavjud IES, GES va boshqa ishlab turgan stansiyalarni turli ie,=fkb sxemalar orqali ishonchli boshqaruvga berishni butkul to‘xtatish. Bu milliy manfaatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar keltirish degani (xiyonat degan kategoriya huquqda yo‘q). Energoaktivlarni sotish lozim bo‘lsa, ularni faqat erkin konkurs va savdolarda sotilishi kerak.
  • faqat erkin savdolarda va bozor narxida generatsiya aktivlarini sotib olgan investorgina ishlab chiqargan elektr energiyasini bozor narxida sotish huquqiga ega bo‘lishi lozim.

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahatlashuvi

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev maslahat uchrashuvida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Tadbir doirasida Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari, shuningdek, Qozog‘iston birinchi prezidentini qabul qildi, Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Faxriy akademigi unvoni berildi, Nursulton Nazarboyev esa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi faxriy raisi maqomini oldi. 

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro yaqinlashuvi - ortga qaytmaydigan jarayon ekanini ta'kidladi.

Siyosatchilarning keyingi uchrashuvi keyingi yili Qirg‘izistonda o‘tkaziladi.

Kuzatuvchilar Toshkentdagi uchrashuvni tarixiy deb atadi — Markaziy Osiyoning haqiqiy yetakchilari anchadan beri bundan tarkibda va bunday formatda yig‘ilmagan edi.

«Aslida bu uchrashuv joriy yil Navro‘z arafasida bo‘lishi kerak edi. Ammo Qozog‘istondagi siyosiy o‘zgarishlar sabab ushbu uchrashuv keyinroqqa qoldirilgan edi.

Toshkentdagi uchrashuv, avvalo, to‘laqonli ekanligi bilan ahamiyatlidir. Ya'ni birinchi uchrashuvda Turkmaniston rahbari qatnashmagan edi. O‘zbek diplomatiyasi bu borada faol ish olib borgani aniq, tasanno deyish mumkin. Garchi injiq bo‘lsa-da, Arqadag‘ning ham ko‘ngliga yo‘l topgan, nazarimizda. O‘tgan yili Turkmaniston rahbari bu tuzilmani doimiy va kun tartibi aniq bo‘lishini so‘ragan edi. Darvoqe, elboshining mazkur uchrashuvdagi ishtiroki maslahat uchrashuvining ahamiyatini yana bir marta ko‘rsatadi. 

Ikkinchidan, tashabbus O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilib, rasmiy Ostona ilk muloqot maydonini taklif qilgan edi. Rasmiy Toshkent garchi ushbu uchrashuvlar tashabbuskori bo‘lsa-da, buni umumiy niyat, istak deb ko‘rsatib keladi. Uchrashuv formati barcha taraflar uchun manfaatli ekanligini ko‘rsatayapti. 

Uchinchidan, mazkur uchrashuv katta og‘alarsiz, tashqi o‘yinchilarsiz, ularning vositachiligisiz amalga oshayotgani bilan ham juda muhimdir. Odatda mintaqa rahbarlari Xitoy yoki Rossiya ta'siridagi turli tadbirlar doirasidagina uchrashib turishar edi. Endi esa o‘zlari ham bemalol to‘planishi, soatlarini to‘g‘irlab olishlari mumkin. Bu uchrashuvning davom etayotgani shunga umid bag‘ishlaydi. Shu ma'noda uchinchi maslahat uchrashuvi qayerda o‘tishi juda muhim.

To‘rtinchidan, tashqi siyosatda juda ko‘p narsalar, ayniqsa, o‘zaro muammolar norasmiy uchrashuvlarda, o‘zaro muloqotlarda hal etiladi. Bugun mintaqa mamlakatlari, masalan, Tojikiston va Qirg‘iziston ayrim muammolarga ega, u ham ortiqcha emotsiyasiz hal qilinayapti. Bunday uchrashuvlar esa istiqbolda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday muammoni tinch, muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun muhim poydevordir.

Beshinchidan, maslahat uchrashuvida ehtimol qandaydir shartnomalar, iqtisodiy bitimlar imzolanmasdir. Bu hozirgi holatda muhim emas. Quruq muloqot nega kerak, deb hafsalasizlikka berilmaslik kerak. Muhimi beshta mamlakat liderlari doimiy ravishda ko‘rishib turishidan mintaqa xalqlari yutadi. Diydor ko‘rishish afzalligi haqida xalqimizda turli maqollar borligi bejiz emas», deya yozadi Davletov kanali.

Senatning navbatdagi yig‘ilishi

30 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. 19ta masala muhokama qilingan yig‘ilish Senatning veb-sayti, YouTube va Facebook’dagi kanallarida onlayn rejimida translatsiya qilib borildi.

Tanzila Norboyeva: «Jurnalistlar bilan muloqotni odat qilishimiz, etika qoidalariga qat'iy amal qilishimiz zarur»

«Toshkent-Samarqand» yo‘nalishidagi pulli yo‘l qurilishi nega cho‘zilib ketganiga izoh berildi

«Hokimlar o‘rnak bo‘lishi kerak» — Erkinjon Turdimov OAV bilan hamkorlik haqida

Poraxo‘rlikni yo‘q qilish uchun faqatgina jazo, repressiv choralar kifoya emas — Sodiq Safoyev

Aziz Abduhakimov: «Maktablarga ko‘maklashish o‘ziga xos milliy harakatga aylandi»

Qo‘chqorov: 2020 yildan boshlab mobil aloqa uchun aksiz solig‘i miqdori aholi sonidan kelib chiqib qayta taqsimlanadi

Vazirlar, hokimlar va boshqa amaldorlar yana Senatda (fotoreportaj)

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlari

O‘zbekiston Superligasining yana bir mavsumi yakunlandi. Mavsumda sovrinli o‘rinlar Toshkent jamoalariga nasib qildi, «Paxtakor» muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtirgan (69), ikkinchi o‘rinni egallagan «Lokomotiv» ham oxirgi turlarni rasmiyatchilik uchun o‘tkazgan (49) bo‘lsa, OChLga yo‘llanma beruvchi uchinchi o‘rin uchun kurash so‘nggi turga qadar davom etdi va yakunda o‘zaro o‘yinda «So‘g‘diyona» bilan kerakli hisob qayd eta olgan (1:1) «Bunyodkor» (43) bronza medallar va OChL yo‘llanmasiga ega chiqdi, «So‘g‘diyona» (40) to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Shuningdek, turnir jadvalining quyi qismida ham ligada qolish uchun jiddiy raqobat kechdi. So‘nggi turda «Dinamo» safarda «Nasaf»ni yengdi (2:1), lekin parallel kechgan uchrashuvda «Buxoro» OKMKni o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda belgilangan penaltini aniq ijro etib g‘alabaga erishdi (2:1).

«Qizilqum» esa «Andijon»ga qarshi ikki kun davom etgan o‘yinda (30 noyabr kuni vodiyda quyuq tuman tushgach, o‘yin birinchi bo‘limda, hisob 0:0 ko‘rinishida ekanida yakunlangandi) mag‘lub bo‘lsada, ligada qoldi. Chunki, so‘nggi uchlikdagi jamoalarning barchasida 24tadan ochko yuzaga kelgach, o‘zaro o‘yinlarda eng kam ochko olgan samarqandliklar jamoasi quyi ligaga ravona bo‘ldi.

«Bunyodkor» klubini mavsum yakunlariga ko‘ra ikki futbolchi tark etishi aniq bo‘lib ulgurdi. Jamoa sardori va darvozaboni Murod Zuhurov 36 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlagan bo‘lsa, 17 yoshli Jasur Jaloliddinov «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘yindan keyin jamoa muxlislari bilan xayrlashdi - avvalroq u faoliyatini Italiyada, Filippo Indzagi boshqaruvidagi «Benevento» jamoasida davom ettirishi ma'lum bo‘lgandi.

Superligani yana bir shaxs tark etmoqda - «Lokomotiv» bilan kumush medallar sohibi bo‘lgan Samvel Babayan endi Xitoyda ishlaydi. U Anzur Ismoilovning sobiq jamoasi «Chanchung Yatay» bilan kelishuvga erishgan.

16 yillik faoliyatida besh marta Osiyoning eng yaxshi hakami nomiga loyiq ko‘rilgan Ravshan Ermatov hakamlik ishiga yakun yasadi.  Ermatov OFK qarorgohida tashkil etilgan maxsus marosimda OFK tomonidan Osiyo futboliga qo‘shgan hissasi uchun maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Ermatov uchta jahon chempionati final bosqichida qatnashgan va unda rekord darajada (11 o‘yin) ko‘p uchrashuvda ishlagan.

«Paxtakor» stadioni ham keyingi mavsumda Superliga o‘yinlari uchun xizmat qilmaydi. Klub rahbariyati stadionni qaytadan qurmoqchi, ayni vaqtda loyihalar tanlanmoqda.

Mavzuga oid