Sport | 09:00 / 01.12.2019
14607
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Quyuq tuman tufayli O‘zbekiston chempionatining ikki o‘yini qoldirildi

«Qo‘qon-1912», «Navbahor», «Andijon» va «Qizilqum» jamoalari quyuq tuman tufayli o‘z o‘yinlarini yakunlay olishmadi. O‘yinlar bugun davom ettiriladi.

O‘zbekiston Superligasida ikki o‘yin tuman tufayli keyinroqqa qoldirildi.

Chempionatning yakuniy 26-turi doirasida Qo‘qonda kechayotgan «Qo‘qon-1912» — «Navbahor» o‘yini 36-daqiqada to‘xtatilgan. Bu vaqtda o‘yinda hisob 1:1 ko‘rinishida edi.

Endilikda jamoalar o‘yinni bugun, 1 dekabr kuni davom ettirishadi. Jamoalar soat 12:00da o‘yinni 36-daqiqadan boshlashadi.

Xuddi shunday holat Andijonda ham kuzatilgan — «Andijon» va «Qizilqum» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinning 52-daqiqasida (bu vaqtda hali hisob ochilmagandi) PFL komissari o‘yinni to‘xtatishga qaror qilgan. Bu yerda ham quyuq tuman tufayli maydondagi futbolchilar raqib darvozasini ko‘ra olmay qolishgan. Bu o‘yin ham bugun soat 12:00da davom ettiriladi.

Xabarlarga ko‘ra, Qo‘qondagi o‘yinda maydonda bir necha to‘pda o‘ynalgan, o‘yinda aslida nechta gol urilgani noma'lum.

26-turning boshqa o‘yinlari natijalariga ko‘ra muddatidan avval chempion bo‘lib ulgurgan «Paxtakor» 69 ochko to‘plagan. Keyingi o‘rinlarda «Lokomotiv» (49), «Bunyodkor» (43) va «So‘g‘diyona» (40) joylashgan.

Eng so‘nggi - 14-o‘rinni egallagan «Dinamo» (21) quyi ligaga tushib ketdi. Samarqandliklar bilan bir xilda ochko to‘plagan, lekin to‘plar nisbati yaxshiroq bo‘lgan «Buxoro» o‘tish o‘yinlarida ishtirok etadi.

Mavzuga oid