Jizzax futboli haqida so‘z borganda, yaqin yillargacha avvalo Davron Fayziyev va Jasur Hasanov kabi milliy terma jamoada to‘p surgan futbolchilar tilga olingan bo‘lsa, bugunga kelib ko‘proq Rashidovlar oilasi e'tirof etiladi.
Oila boshlig‘i Ixtiyor Rashidovning o‘z vaqtida havaskor futbolchi sifatida yetolmagan orzularini farzandlari ro‘yobga chiqardi, ota bolalarning ilk murabbiyiga aylanib, futbolni tanlashlariga sababchi bo‘ldi. Ayni vaqtda 28 yoshda bo‘lgan Sardor Rashidov «Qatar SK» safida to‘p surmoqda, 26 yoshli Sanjar Rashidov «So‘g‘diyona» klubi sardori va yetakchisi sanaladi, 21 yoshli Sahob Rashidov esa so‘nggi ikki mavsumda Jizzax jamoasi safida 15 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol urishga erishdi.
Kun.uz sayti muxbirlari Jizzaxda bo‘lib, professional futbolchilarning otasi Ixtiyor Rashidov bilan videointervyu uyushtirdi. Suhbat davomida ota o‘z o‘g‘illarining futbolga kirib kelishi, faoliyati va boshqa bir qator savollarga javob berdi.
«Sardorda Xudo bergan iqtidor bor deyishardi»
- To‘ng‘ich o‘g‘lim Sardor bolaligidan to‘pga oshno bo‘lib ulg‘aydi. O‘z vaqtida institutga o‘qishga topshirganim sababli, havaskor futboldan professional futbolchi bo‘la olmaganim bois, katta o‘g‘limni futbolchi qilib tarbiyalashga qiziqa boshladim. 5-6 yoshdan futbol maktabiga olib bordim, murabbiylari uni o‘zidan katta yoshdagi guruhlarga qarshi o‘ynatishsa-da, kichik bo‘lishiga qaramay, yaxshi harakat qilardi. O‘shanda murabbiylarning «o‘g‘lingda Xudo bergan iqtidor bor» deya aytgan gaplari ishonch uyg‘otdi. Shu bilan Sardor futbolga kirishib ketdi. BO‘SMlar o‘rtasidagi viloyatlardagi turnirlarda ham ishtirok etib, gollar urardi, o‘g‘lim haqida yaxshi gaplarni eshitardim. Bora-bora 16 yoshidayoq «So‘g‘diyona» o‘rinbosarlari safidan o‘rin oldi.
O‘shandayoq seleksioner murabbiylar nazariga tushib, Sardorga takliflar tusha boshladi. Dastlab, «Paxtakor»ning 1991 yilgi futbolchilardan iborat jamoasi murabbiyi Jizzaxdagi turnirda Sardorning o‘yinini kuzatib, raqamlarini berib, o‘g‘limni Toshkentga chaqirishga qiziqqandi. Ammo o‘shanda, o‘g‘limning qo‘li singach, bu taklif qolib ketgandi.
«Qo‘ng‘iroq bo‘lsa, yuragim jiz etardi – Sardorning yana qayeri sinibdi ekan, deb...»
- Sardor ko‘p jarohat olardi. Qo‘lini ikki qismidan sindirib olgandi. So‘ng yelkasi singandi. Shu darajada bo‘ldiki, BO‘SM murabbiylaridan qo‘ng‘iroq bo‘lsa, yuragim jiz etardi - yana qayeri sinibdi ekan, deb. To‘g‘ri, shifoxonaga borardim. O‘g‘illarim ortidan shifoxonalarga ko‘p borganimdan, travmatologlarning hammasi bilan og‘a-ini bo‘lib qolgandim (kuladi). Eslayman, bir safar Sardorni gips bilan uyga qaytarib olib kelsam, darvoza oldida rahmatli otam turibdilar. O‘g‘limni darvozadan kiritgach, menga qarata qo‘llaridagi o‘roqni ko‘tarib, «nimaga bolani buncha qiynaysan, kallangni olaman» deb qattiq gapirgandilar. Nevaramni futbolga berib qiynayapsan, degandilar. Sardor juda ko‘p marta gipsda qaytib kelganidan rahmatli otamning ichi achirdi. Lekin o‘zlari ham futbolni yaxshi ko‘rardilar.




















