«Rim derbisi»da mag‘lubiyat, Shomurodov Osiyoda ikkinchi bo‘ldi
Italiya chempionatining 6-turidan o‘rin olgan markaziy bahs – Rim derbisida «Latsio» «Roma»ni 3:2 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. «Bo‘rilar» safida Eldor Shomurodov 64-daqiqada (hisob 1:3 edi) zaxiradan maydonga tushdi.

«Latsio» ochkolarini 11taga yetkazib, 6-o‘ringa ko‘tarilib oldi. 12 ochkoga ega «Roma» 4-pog‘onada qoldi.
Eldor Shomurodov maydondan tashqarida ham g‘oliblik uchun kurashdi. O‘tgan haftada OFK tomonidan «Osiyoda haftaning eng yaxshi futbolchisi» so‘rovnomasi o‘tkazilgan bo‘lib, yakshanba kuni nihoyasiga yetgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Eldor jami ovozlarning 29,69 foiziga ega chiqib 2-o‘rinni egalladi. «Portu» klubi va Eron milliy jamoasi forvardi Mehdi Toremi esa 42,26 % ovoz bilan OFK tomonidan haftaning osiyolik eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan.

«Sherif» Madridga safar oldidan yirik hisobda g‘alaba qozondi, Yaxshiboyev zaxiradan maydonga tushdi
Jasur Yaxshiboyev to‘p surayotgan «Sherif» klubi Moldova chempionati 12-turi doirasidagi «Dinamo-Avto»ga qarshi uchrashuvda yirik hisobda zafar quchdi.
Mazkur o‘yinda hamyurtimiz 67-daqiqada maydonga tushdi. Shu kuni «Sherif» bosh murabbiyi Yuriy Vernidub asosiy tarkib o‘yinchilariga Madriddagi o‘yin oldidan kamroq o‘yin amaliyoti berdi. Shunga qaramay, Tiraspol jamoasi «Dinamo-avto»ni 7:0 hisobida mag‘lub etdi.
«Sherif» navbatdagi uchrashuvni 28 sentabr, seshanba kuni Chempionlar ligasi 2-turi doirasida Madridda «Real»ga qarshi o‘tkazadi. O‘yin soat 23:59da boshlanadi.
Sardor Rashidovdan g‘alaba goli, «Kuvayt SK» finalga chiqdi
Yana bir hujumkor yarimhimoyachi Sardor Rashidov uchun hafta omadli o‘tdi. O‘zbekistonlik futbolchi Kuvayt Amiri kubogi yarimfinali javob uchrashuvi doirasida jamoasining g‘alabali goliga mualliflik qildi.

«Kuvayt SK» «Kazma»ni 2:1 hisobda mag‘lub etgan o‘yinda Rashidov jamoasining ikkinchi golini penaltidan kiritdi va klubi bilan birga Amir kubogi finaliga yo‘llanma oldi. Jamoa oldiga Amir kubogi va OFK kubogida g‘olib chiqish vazifasi qo‘yilgan.

















