O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni 2020 yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish, bu boradagi maqsadli parametrlarni belgilash va ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Jahon bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va uning raqobatbardoshligini oshirish – eng ustuvor vazifa, zamon bilan hamnafas bo‘lishning muhim sharti ekani ta'kidlandi.
Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy e'tiborida bo‘lib kelmoqda. Iqtisodiyotni liberallashtirish, teng raqobat muhitini shakllantirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, energiya tejamkorligini oshirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘nlab farmon va qarorlar qabul qilinib, biznes sub'yektlariga zarur sharoitlar yaratildi.
Lekin islohotlar real hayotda o‘z aksini yetarli darajada topmayapti. Yig‘ilishda turli sohalarda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi, tegishli rahbarlarning faoliyati keskin tanqid ostiga olindi.
Masalan, energetika tizimidagi yo‘qotishlarni keskin kamaytirish, sotilgan elektr quvvatining hisobini to‘g‘ri yuritish va debitor qarzdorlikni qisqartirish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti.
Davlatimiz rahbari ta'kidlanidek, tabiiy gazni qazib olish, transportirovka qilish va taqsimlashda haqqoniy hisobga olish tizimi mavjud emas. Ayniqsa, gaz va elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar odamlarimizning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
So‘nggi 3 yilda kadastr sohasini isloh qilish bo‘yicha ham qabul qilingan 10 taga yaqin qaror haligacha to‘liq ishlab ketgani yo‘q. Masalan, yer ajratishning onlayn auksion tizimi hanuzgacha joriy etilgani yo‘q, kadastr ma'lumotlarini raqamlashtirish ishlari yakunlanmagan. Hozirga qadar yerga bo‘lgan huquqning yangi shakli va uni berishning ochiq-oshkora mexanizmlari ishlab chiqilmadi.
Qurilish sohasida bugungi kunga qadar eski standart va me'yorlar saqlanib qolmoqda, dedi davlatimiz rahbari. Yangi innovatsion yechimlar va loyihalar ustida ishlovchi mutaxassislar tayyorlashga umuman e'tibor berilmayapti.
Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish, qurilishga ruxsatnomalar berish va kelishish jarayonlari qog‘oz shaklida amalga oshmoqda. Mutasaddi tashkilotlarda o‘zaro elektron hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.
Yig‘ilishda transport sohasidagi muammolarga ham e'tibor qaratildi. Misol uchun, yuk tashish tariflarining yuqoriligi bois mahsulotlar tannarxi balandligicha qolyapti. Aholiga qulay va arzon transport xizmatlari ko‘rsatish talab darajasida emas.
















