Kreml 1999 yilgi ittifoqchilik shartnomasi asosida qo‘shni davlat bilan integratsiyani chuqurlashtirishni so‘ramoqda. Belarus Rossiya taklif qilayotgan ko‘rinishdagi integratsiya mamlakat suverenitetini cheklab qo‘yadi, deb hisoblamoqda.
Tomonlar integratsiyani chuqurlashtirish borasidagi hujjatlarni 8 dekabrda, Belarus va Rossiya ittifoq davlatlari tashkil etilganining 20 yilligi sanasida imzolashni mo‘ljallagandi.
«Men yigitcha emasman!»
Lukashenko Belarus parlamentiga Putin bilan suhbat keskin bo‘lishini va'da qildi.
«Tabiiy gaz yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma haligacha yo‘q bo‘lsa, qanday integratsiya haqida gapirish mumkin? Ya'ni erta-indin bizda Yangi yil, biz esa tabiiy gaz yetkazib berish hajmi va narxi bo‘yicha shartnomaga ega emasmiz. Neft bo‘yicha masalalar yechilmagan. Hattoki oddiygina «iflos» neft masalasi ham (gap shu yilning aprelida «Drujba» neft quvuri orqali yetkazilgan sifatsiz neft haqida bormoqda. Belarus tomoni yetkazilgan zararni 100 mln dollar deb baholamoqda). Ular o‘zlarini «iflos» neft bo‘lmagandek tutishmoqda», - dedi Lukashenko.
«Mahsulotlarimiz uchun bozorlarni (doimiy yoki davriy) yopib qo‘yishsa, bu qanday yagona iqtisodiy makon? Savol keskin qo‘yiladi», dedi u.
Belarus prezidenti yana bir bor takrorladi: Belarus Rossiya bilan konstruktiv hamkorlikka tayyor, ammo teng huquqlarda. Va Belarus manfaatlariga zarar yetkazadigan hech qanday hujjatni imzolamaydi.
«Yodda tuting! Men 3−4−5 yil prezident bo‘lib ishlagan yigitcha emasman. Menga yetarlicha bo‘ldi. Va men sizlar bilan, xalq bilan amalga oshirilgan hamma narsani o‘chirib tashlamoqchi emasman – mustaqil davlatni qutiga solib tashlab yuborish yoki kimgadir berish uchun tashkil etdimmi? Mening davrimda hech qachon bunday bo‘lmaydi», - dedi 25 yildan buyon prezidentlik kursisida o‘tirgan Lukashenko.
Xufyona chuqurlashtirish
Har ikki davlatning amaldor va ekspertlar guruhlari sentabr boshida bosh vazirlar darajasida kelishilgan integratsiya bo‘yicha hujjatlar va yo‘l xaritalari ustida ishlamoqda.
Ammo ularda aynan nima bayon etilgani va «chuqurlashtirish» qaysi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi noma'lum. Belarus parlamentining sobiq deputati Alena Anisim integratsiya to‘g‘risidagi hujjatlarda nimalar aks etganini izohlashini so‘rab Vazirlar Mahkamasi va Iqtisodiyot vazirligiga ikki marta murojaat qildi. Amaldorlar ish yakuniga yetmay turib jamoatchilikni tashvishga solmaslikni so‘rashdi.
















