- Ukraina uchun Rossiyada Starlinkʼdan foydalanish imkoni berilsa, nima oʻzgaradi?
Shavkat Saidov: Starlink’dan Rossiya hududida foydalanish uchun, avvalo, kompaniya egasi Ilon Maskning ruxsati kerak. Hozircha Ukrainada xizmatdan foydalanishga ruxsat berilgan, biroq Rossiya hududida bunday imkoniyat mavjud emas. Agar Ukraina Rossiya hududida ham Starlink’dan foydalanish imkoniga ega boʻlsa, bu unga muayyan ustunlik berishi mumkin.
Chunki Starlink maʼlumotlarni uzatish, qayta ishlash va yoʻnaltirish imkoniyatlari boʻyicha eng ilgʻor sunʼiy yoʻldosh tizimlaridan biri hisoblanadi. Bu tizimning minglab sunʼiy yoʻldoshlari bor.
Rossiyada ham Starlink’ka muqobil tizim yaratish harakatlari bor. Jumladan, “Rassvet” loyihasi haqida maʼlumotlar mavjud, biroq uning imkoniyatlari Starlink bilan tenglasha olmaydi. Ochiq manbalarda Rossiyaning ushbu yoʻnalishdagi sunʼiy yoʻldoshlari soni va xizmat koʻrsatish imkoniyatlari haqida turlicha maʼlumotlar uchraydi.
Starlink’dan foydalanish imkoniyati cheklangan sharoitda, Ukraina Rossiya hududidagi vaziyatni kuzatish va maʼlumotlarni uzatishda qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Agar bu cheklov olib tashlansa, Ukraina Qurolli kuchlari uchun razvedka maʼlumotlarini olish va ularni tezkor uzatish imkoniyatlari kengayadi. Bu esa harbiy harakatlarda muayyan ustunlik berishi ehtimoldan xoli emas.
Bugungi urushda sunʼiy yoʻldosh aloqasi va maʼlumotlar oqimi juda muhim. Ularsiz jang maydonidagi vaziyatni kuzatish, nishonlarni aniqlash va harbiy boʻlinmalar harakatini muvofiqlashtirish ancha qiyinlashadi. Shu maʼnoda, Ukrainaning Starlink’dan Rossiya hududida ham foydalanish imkoniyatini soʻrashi bejiz emas.
Kamoliddin Rabbimov: Ukraina Starlink egasi Ilon Mask bilan bir necha bor muzokara oʻtkazgan, biroq hozircha kelishuvga erishilmagan. Kiyev Starlink’dan butun Rossiya hududida foydalanishni soʻramayapti. Ukraina chegarasidan Rossiya hududiga qarab taxminan 200 kilometr masofadagi hududda ushbu tizimdan mudofaa maqsadida foydalanishga ruxsat berilishini istayapti.
Ukraina tomonining maqsadi – oʻz hududiga uchirilayotgan raketalarni aniqroq kuzatish va ularni nishonga olish imkoniyatlarini yaxshilash. Kiyev buni Rossiya shaharlari, jumladan, Moskva hududiga hujum qilish uchun emas, balki mudofaani kuchaytirish uchun kerakligini taʼkidlamoqda. Biroq Ukraina hozircha Ilon Mask bilan kelisha olgani yoʻq. Sentabr oyida BMT sammiti doirasida Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan uchrashganida ham bu masala koʻtarilgan. Tramp esa Ukraina Starlink masalasida Ilon Mask bilan oʻzi kelishishi kerakligini aytib, bu jarayonda goʻyoki uning roli yoʻqligini bildirgan. Aslida esa masala siyosiy qarorga ham bogʻliq. Agar Tramp istasa, AQShning milliy manfaatlaridan kelib chiqib, bu jarayonga taʼsir koʻrsatishi mumkin.













