Amerika vakillari Qatar poytaxti Dohada «Tolibon» harakati bilan muzokaralarni boshladi. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib TOLOnews telekanali xabar berdi.
«AQSh 7 dekabr kuni Dohada muzokaralarni boshladi. Asosiy mavzu Afg‘oniston ichidagi muzokaralar boshlanishi va o‘t ochish to‘xtatilishiga olib keluvchi zo‘ravonlikni kamaytirish bo‘ladi» degan manba.
AQSh davlat departamenti 4 dekabrda AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod 3 dekabr kuni toliblar bilan muzokaralarni qaytadan boshlash uchun Qatarga jo‘nab ketganini ma'lum qilgandi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 28 noyabrda Afg‘onistonga amalga oshirgan e'lon qilinmagan tashrifi davomida «Tolibon» Vashington bilan tinchlik kelishuvi imzolashni istayotganini aytgandi.

















