Toshkent shahrida 2025–2026-oʻquv yilida maktablardagi oʻquvchi oʻrinlari tanqisligi 141 mingtani tashkil etdi. Bu haqda poytaxtda mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bogʻchalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar taqdimotida maʼlum qilindi.

Keyingi besh yilda oʻquvchilar soni 71 mingtaga (14 foiz) koʻpayishi hisobiga 2030-2031 oʻquv yiliga borib, tanqislik 212 mingtaga yetishi mumkin. Shu jihatdan 2030-yilgacha respublika byudjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy byudjet hisobidan 78 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratish rejalashtirilgan. Natijada maktablarning yuklamasi hozirgi 1,4 koeffitsiyentdan 2030-yilda 1,2 gacha pasayadi, deyiladi taqdimotda.

Shuningdek, 2026–2027-oʻquv yili uchun jami 38 ming oʻrinli 24 ta yangi maktab loyihasi tayyorlangan. Ularning umumiy maydoni 64,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Shaharda 3-7 yoshli bolalar soni 253 mingtani tashkil etadi. Ularning maktabgacha taʼlim bilan qamrovi 79,2 foiz, bogʻchalardagi oʻrinlar tanqisligi esa 65 mingta. Shu bois, 2030-yilgacha respublika byudjeti hisobidan 8 mingta, mahalliy byudjet hisobidan 32 mingta qoʻshimcha bogʻcha oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda. Natijada 2030-yilda qamrov 92 foizga yetkaziladi. 2026-2027-oʻquv yili uchun esa umumiy maydoni 32 ming kvadrat metr boʻlgan, jami 16 ming oʻrinli 28 ta yangi bogʻchaning besh turdagi loyihalari tayyorlangan.