DW xabariga koʻra, Richard Blyumental boshchiligidagi senatorlar 13-oktabr kuni AQSH prezidentiga shu mazmunda maktub yoʻllagan.
Murojaatda Kongress va Amerika xalqi Ukrainadagi urush tugashini qoʻllab-quvvatlashi, biroq tinchlik adolatli shartlar asosida oʻrnatilishi kerakligi taʼkidlangan.
Senatorlar Rossiya dizel eksportiga nisbatan AQSH sanksiyalarining bekor qilinishi Putinning harbiy tizimini qoʻshimcha mablagʻ bilan taʼminlashi va Ukraina tinch aholisiga hujumlarni davom ettirish imkonini berishini bildirgan.
«Bu kelishuv raqibimizga sovgʻa va ittifoqchilarimizga nisbatan xiyonatdir. U bekor qilinishi kerak», - deyiladi maktubda.
Murojaat mualliflarining fikricha, yonilgʻi qimmatligidan qiynalayotgan amerikalik oilalar Rossiya dizelining jahon bozoriga qaytishi natijasida sezilarli yengillikni his qilmaydi.
Shu sababli ular Trampni Rossiyaga hamda uning urushni davom ettirishiga yordam berayotgan davlatlarga, xususan, Xitoyga iqtisodiy bosimni kuchaytirishga chaqirgan. Senatorlar buning uchun Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar toʻgʻrisidagi qonun bergan vakolatlardan foydalanishni soʻragan.
Maktubni demokratlar Richard Blyumental, Jin Shohin, Richard Durbin, Sheldon Uaytxaus, Jek Rid va Kristofer Kuns imzolagan. Ularga respublikachilar Mitch Makkonnell, Tom Tillis, Syuzan Kollinz, Alan Styuart Armstrong, Liza Murkovski va Jon Kornin qoʻshilgan.
Murojaat nusxalari davlat kotibi Marko Rubio va moliya vaziri Skott Bessentga ham yuborilgan.
Tramp 9-oktabr kuni Vladimir Putin bilan telefon muloqotidan soʻng Rossiya dizel yonilgʻisini Amerika va jahon bozorlariga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishilganini eʼlon qilgan edi.
Uning bayonotiga koʻra, Rossiya kompaniyalari dastlab 300 ming tonnadan ortiq, noyabrda yana 500 ming tonna, shundan keyin esa 1 million tonna dizel joʻnatishi kerak. Keyinchalik yana 3 million tonna yetkazib berish ham tilga olingan, ammo bu hajm uchun aniq muddat koʻrsatilmagan.
AQSH Moliya vazirligi Rossiya dizeliga nisbatan sanksiyalar amal qilishini 2027-yil apreligacha toʻxtatuvchi bosh litsenziya chiqargan.















