Ayblov qo‘mita rahbari Jyerrold Nadler tomonidan o‘qib eshittirildi. Prezident xizmat mavqeyini suiiste'mol qilish va kongress faoliyatiga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda.
Tramp o‘zining siyosiy manfaatlari yo‘lida Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yish va ushbu davlat prezidentiga bosim o‘tkazishda ayblanmoqda.
Trampning o‘zi hech qanday nomunosib ish qilmaganini aytmoqda va impichment jarayonini jinnilik deb atamoqda.
Agar Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasi prezidentga qarshi qaratilgan bu da'volarni tasdiqlasa, palatada ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi. Quyi palatadagi kongressmenlarning aksari Demokratik partiya a'zosi hisoblanadi.
Agar Vakillar palatasi ayblovlarni ma'qullasa, prezident ishi Senatda muhokama qilinishi kerak bo‘ladi. Lekin senatorlarning ko‘pchilik qismi - Respublikachilar partiyasi vakillaridir.
Vakillar palatasi apparati xodimlari ayblov moddalari ro‘yxati oshishi mumkinligini istisno etmagan: Oq uy rahbarining muxoliflari hali e'tirozlar ro‘yxatiga prezident AQShdagi saylovlarga aralashish masalasida xorijiy mamlakat bilan kelishishga uringani bo‘yicha ayblovni, shuningdek, maxsus prokuror Robert Myullerning yakuniy hisobotida qayd etilgan adliya ishlariga qarshilik qilish bo‘yicha ayblovni qo‘shishni hal qilmagan.
AQSh prezidenti impichmenti jarayoni doirasida dushanba kuni kongressning yuridik qo‘mitasida navbatdagi tinglov bo‘lib o‘tdi va bu 9 soat davom etdi. Yig‘ilish vaqtida demokratlar respublikachilarning o‘z guvohlarini chaqirish bo‘yicha talabini rad etishdi.
Buning o‘rniga Donald Trampning muxoliflari Vakillar palatasining demokratlar tomonidan nazorat qilinadigan razvedka bo‘yicha qo‘mitasi yuristining ko‘rsatmalarini tinglashdi.
Noyabr oyi oxirida bu qo‘mita AQSh prezidentining «jinoyatlari va huquqbuzarliklari» aks etgan 300 sahifali hisobotni e'lon qilgan, prezidentning siyosiy muxoliflari bu hisobotni uni hokimiyatdan chetlatish uchun yetarli asos deb hisoblashadi.

Ochiq eshituv vaqtida kongressning yuridik qo‘mitasi rahbari Jyerrold Nadler o‘z pozitsiyasini yashirib o‘tirmadi.


















