Xitoyning iqtisodiy o‘sishi va uning ish olib borish usullari diplomatik, savdo va texnologik aloqalarni xavf ostida qoldiryapti, deb yozadi Financial Times.
Oktabr oyida Xitoy Xalq Respublikasining 70 yillik bayrami tantanalariga boshchilik qilgan Si Tszinpin ancha ko‘tarinki kayfiyatda edi.
«Besh ming yildan ortiqroq shavkatli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan mamlakatimiz kelgusi ikki asrlik maqsadlariga erishish va buyuk Xitoy milliy yangilanish orzusini amalga oshirish yo‘lida ham o‘z tarixi solnomasiga yana bir yorqin zarvaraqni bitib qo‘yajak», – dedi respublika yetakchisi.

Foto: AFP
XXR raisida bunday baland notada gapirish uchun sabablar yetarlicha. Xitoyning 14 trillion dollarlik iqtisodiyoti faqat AQShdan ortda qolyapti. Standard Chartered`ga ko‘ra, Xitoy xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha kelasi yilning o‘zidayoq birinchi o‘ringa chiqib oladi. O‘rtacha hisob-kitoblarga qaraganda, Xitoy iqtisodiyoti 2030 yilda AQShdan o‘zib ketishi kutilyapti.
McKinsey konsalting firmasiga ko‘ra, Xitoy – dunyoda eng ko‘p tovar ayirboshlovchi mamlakat. Bu yilgi Global Fortune 500`ga kiritilgan sub'yektlarning 20 foizidan ko‘prog‘i – Xitoy va Tayvan kompaniyalaridir.
Qolaversa, Xitoy – to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish va jalb etish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega ikki davlatdan biri; tadqiqot va ishlanmalar uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha esa dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi – o‘tgan yili bu yo‘nalishda qariyb 300 mlrd dollar sarflangan.
Xalqaro tashkilotlar boshqaruvida ham ushbu mamlakat vakillari yetarlicha. Masalan, Xalqaro telekommunikatsiyalar ittifoqini xitoylik mulozim boshqarmoqda; o‘tgan yilga qadar Interpol rahbari ham xitoylik edi.
Bir paytlar gadjetlarning arzon ko‘chirma variantlarini ishlab chiqarib yurgan Xitoy hozir texnologiyalar borasida AQSh bilan raqobatlashmoqda. Bu esa sun'iy idrok, beshinchi avlod telekommunikatsiya tarmoqlari kabi sohalarda qurollanish poygasini yuzaga keltirdi.




















