«MANCheSTeR YuNAYTeD» - «EVeRTON»
Angliya Premer-ligasi. 17-tur
15 dekabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti: 19:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»
O‘tgan haftada Joze Mourino qo‘l ostidagi «Tottenhem» va Pep Gvardiola boshchiligidagi «Manchester Siti»ni mag‘lub etgan «Manchester Yunayted» Sulsher ustozligidagi eng muhim g‘alabalariga erishdi. Ammo, «MYu» o‘ziga kelmoqda, deyishga hali erta. Sababi, manchesterliklar Premer-liganing grandlarini qaqshatayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘rtamiyona va autsayderlar bilan o‘yinlarda “Robin Gud” misoli ochko ulashishmoqda. «Yunayted»ning ushbu mavsumdagi mag‘lubiyatlariga e'tibor berilsa, Sulsher shogirdlari asosan turnir jadvalining ikkinchi qismidan joy olgan klublarga mag‘lub bo‘lgan. Bu turda ularga xuddi shunday klublardan biri «Everton» to‘qnash keladi. Marku Silva iste'foga chiqarilgach, «Everton» Dankan Fergyuson qo‘l ostidagi dastlabki o‘yinda «Chelsi» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Liverpulliklar «Old Trafford»da ham oldingi o‘yinlarda «Kristall Pelas», «Aston Villa» amalga oshirgan ishni uddalash ilinjida kelishadi.
Manchesterdagi o‘zaro 3ta o‘yin:
2018/19. MYu – Everton 2:1
2017/18. MYu – Everton 4:0
2016/17. MYu – Everton 1:1
«ReAL SOSeDAD» - «BARSeLONA»
Ispaniya La Ligasi. 17-tur.
14 dekabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti: 20:00
TV-translatsiya: «Futbol TV» / «UzReport TV»
La Liganing ushbu turidagi markaziy uchrashuv San-Sebastianda o‘tkaziladi. Turnir peshqadami «Barselona» «El-Klasiko» oldidan ashaddiy raqibining nomdoshi «Real Sosedad» mehmoni bo‘ladi. San-Sebastianliklar ushbu mavsumning kashfiyot jamoalaridan biri bo‘lib turishibdi. Imanol Alguasil shogirdlari 4-o‘rindan joy olgan. Ushbu bahs ikki tomon uchun muhim ahamiyatga ega. Mezbonlar mavsumdagi eng katta sinovdan o‘tishsa, mehmonlar esa muhim o‘yin oldidan jiddiy sinovga duch kelishadi. «Real Sosedad» mag‘lubiyatga uchragan taqdirda, jadvalda 6-7-o‘ringa tushib ketish xavfi bo‘lsa, Ernesto Valverde jamoasi ochko yo‘qotgan taqdirda «klasiko»ga peshqadam sifatida kela olmasligi mumkin. Shunday ekan, Messi va uning jamoasi uchun San-Sebastiandagi o‘yin shunchaki “repetitsiya” yoki peshqadamlikdan ayirgan bahs bo‘lib qoladi.

















