APL. 22-tur

15 yanvar (shanba)

MANCheSTeR SITI – CheLSI

O‘yin boshlanish vaqti: 17:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Angliyada turnir jadvalining dastlabki ikki pog‘onasini egallab turgan jamoalar o‘rtasidagi bahs. Ammo oradagi farq 10 ochkoni tashkil qilmoqda, ya’ni mezbonlar g‘alaba qozonish orqali londonliklarni chempionlik poygasidan butunlay chiqarib yuborishi ham mumkin. 21 turdan so‘ng atigi 10 ochko yo‘qotgan Pep shogirdlari keyingi o‘yinlarda ko‘proq ochko yo‘qotib, «Chelsi» barcha o‘yinlarni g‘alaba qozonishiga ishonish qiyin.

«Siti» ashaddiy raqibi ustidan g‘alaba qozonish orqali, o‘tgan mavsumdagi alamlarni ham chiqarib yuborishga urinib ko‘rishi mumkin. Zero, aynan Tuxel jamoasi o‘tgan yili «Manchester Siti»ni ikki turnirdan – Chempionlar ligasi va Angliya kubogidan mosuvo qilgandi. Birinchi davradagi o‘yinda esa «Chelsi» o‘z maydonida o‘ynaganiga qaramasdan juda himoyaviy taktika tanlagan va 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Foto: Getty Images

Dekabrda bir qator o‘yinlarda kutilmagan ochkolarni yo‘qotgan bo‘lsa-da, hozir «Chelsi» ancha yaxshi kayfiyatda bo‘lishi kerak. Liga kubogi yarimfinalida «Tottenhem» ikki o‘yinda mag‘lub etildi, Angliya kubogida keyingi bosqich masalasi hal qilindi. Shuningdek, «Liverpul» bilan o‘yinda ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarish ham futbolchilarga ishonch taqdim etgani shubhasiz. «Shaharliklar» esa barcha musobaqalardagi g‘alabali seriyani 7taga yetkazgan, APLda esa 11 o‘yindan beri faqat 3 ochko egasiga aylanayotgan bo‘lishsa-da, so‘nggi o‘yinlar, ayniqsa «Brentford» va «Arsenal»ga qarshi bahslar biroz ishonchsiz chiqdi.

Tarkiblar borasida har ikki tomonda yo‘qotishlar bor. Afrika Millatlar kubogi munosabati bilan Riyod Mahrez va «Chelsi» darvozaboni Mendi maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Pep jamoasi tarkibida Zinchenko, Stounz, hamda Fodenlarning holati so‘roq ostida turibdi. «Chelsi»da uzoq muddatga safdan chiqqan Chilvel va Jyeymsdan tashqari, Chaloba jarohatlangan. Shuningdek, Andreas Kristensenda kovid aniqlanganini matbuot anjumanida Tomas Tuxel bildirib o‘tdi.