AQSh prezidenti Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish jarayoni yakuniy bosqichga chiqdi. Bugun, 18 dekabr kuni Vakillar palatasida ovoz berish bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichda aksariyat demokratlar impichmentni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Agarda yetarlicha ovoz to‘plansa, ish respublikachilar ko‘proq bo‘lgan Senatga taqdim etiladi.
Impichmentga nima asos bo‘lmoqda?
13 dekabr kuni Vakillar palatasining yuridik qo‘mitasi davlat rahbariga qarshi ikkita: hokimiyatni suiiste'mol qilish va o‘z faoliyati tekshirilishiga qarshilik ko‘rsatish ayblovlarini tasdiqladi. 16 dekabrda kongressmenlar o‘z qarorlarini asoslaydigan 169 sahifadan iborat hisobotni e'lon qilishdi. Ularning fikricha, prezident "davlatga xiyonat, poraxo‘rlik va boshqa og‘ir jinoyatlari va qonunbuzarliklari uchun impichment tartibida lavozimidan chetlatilishi shart".
Buning ortida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga nisbatan bosim o‘tkazish ayblovi yotibdi.
OAVda Tramp va Zelenskiyning g‘ayrioddiy telefon suhbati to‘g‘risidagi xabarlar paydo bo‘lganidan so‘ng AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi impichment jarayoni boshlanganini e'lon qildi. AQSh prezidenti go‘yoki kiyevlik hamkasbidan sobiq vitse-prezident Jozef Bayden va uning Ukrainada ishlagan o‘g‘liga nisbatan ayblovlar topishni talab qilgan. Aks holda esa Kiyevga harbiy yordam ajratilishini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilgan.
Respublikachilar nima demoqda?
Vakillar palatasidagi ozchilik respublikachilar Trampga qarshi ayblovlarni asossiz deb hisoblashmoqda.
Ovoz berish arafasida Donald Tramp Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosiga yozgan maktubida impichmentga urinishni izohladi. U muxolifatning harakatlarida Amerika demokratiyasiga qarshi "ochiq urush"ni ko‘rmoqda.
Impichment nima?
Bu prezidentni lavozimidan chetlatish jarayoni. Konstitutsiyaga muvofiq, impichment "davlatga xiyonat, poraxo‘rlik va boshqa og‘ir jinoyatlar va qonunbuzarliklar"da ayblangan federal xizmatchilar (jumladan AQSh prezidenti)ni javobgarlikka tortishni ko‘zda tutadi. Ayblovni faqatgina Kongress Vakillar palatasi ilgari surish huquqiga ega, sud majlislari esa Senatda (yuqori palata) AQSh Oliy sudining bosh sudyasi raisligida bo‘lib o‘tadi.

















