Donald Trampning o‘zi esa tvitterida tezroq sud o‘tkazishga undamoqda. «Men jarayon zudlik bilan boshlanishini istayman», degan u.

Trampga qarshi ikkita ayblov tasdiqlangan kongressdagi ovoz berishning keyingi kuniyoq Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yana bir marta senatorlar sud jarayoni tartibini tasdiqlashmaguncha ishni Senatga yubormasligini ma'lum qildi.

Donald Trampga impichment e'lon qilindi. Endi nima bo‘ladi?

Kongressdagi demokratlar yetakchilari tomonidan qabul qilingan bu qaror Vashingtonda  shov-shuvli vaziyat yuzaga keltirdi.

Prezident Tramp va uning Kapitoliy tepaligidagi tarafdorlari jarayon zudlik bilan boshlanishini talab qilishmoqda, bu sudda Oq uy rahbari oqlanishi, unga qarshi barcha ayblovlar asossiz deb topilishiga ularning ishonchi komil.

Ammo buning uchun avval demokratlar Senatga  Vakillar palatasida tasdiqlangan ayblovlarni yuborishlari kerak. Trampning muxoliflari esa yaqin orada bunday qilmoqchi emas.

Tramp va uning tarafdorlari jarayonni zudlik bilan boshlashga chaqirmoqda

Payshanba kuni CNN telekompaniyasi efirida chiqish qilgan kongressmen Jyeyms Klaybern (u kongressdagi demokratlarning asosiy yetakchilaridan biri) o‘z partiyadoshlari mazkur hujjatlarni qancha kerak bo‘lsa shuncha vaqt o‘z qo‘lida tutib turishini ma'lum qildi.

«Ular sud o‘rniga haqiqiy tomosha uyushtirishlarini bila turib ishni ularga o‘tkazish mutlaqo tentaklik bo‘ladi», dedi u.

Demokratlar nima uchun ayblovni Cenatga yubormaydi?

Nensi Pelosi prezidentga qarshi ayblovni Senatga tezda yuborishga asos ko‘rmayapti

AQSh konstitutsiyasi kongressga prezidentni «mutlaqo jiddiy jinoyatlar va huquqbuzarliklar sodir etish»da ayblab, unga impichment e'lon qilish huquqini taqdim etgan.