O‘zbekiston | 16:14 / 20.12.2019
61207
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis deputatligiga nomzodlarning 4 nafari nomzodlikdan voz kechdi

19 dekabrga kelib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun nomzodini qaytarib olganlar soni 4 nafarga yetdi. Ularni o‘z arizalariga muvofiq nomzodlik maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qarorlar MSK rasmiy saytida e'lon qilingan.

To‘rt nafar nomzod to‘rtta partiyadan ilgari surilgan edi, natijada ushbu partiyalar parlament saylovida 149ta o‘rin uchun kurashadigan bo‘ldi. Endilikda faqat O‘zLiDePda Oliy Majlis uchun to‘liq 150 nafar nomzod qoldi.

Qonunchilikka asosan, nomzodlar saylovga qadar istalgan vaqtda nomzodlikdan voz kechishi mumkin. Deputatlikka nomzod ko‘rsatish esa saylovga 45 kun qolganida to‘xtatiladi.

Avvaliga 19 noyabr kuni Ekologik partiya vakili Saydulla Xoliqov (79-Jarqo‘rg‘on okrugi), keyinroq 6 dekabrda Xalq demokratik partiyasidan Zokir Nurov (93-Parkent okrugi) o‘z istagiga ko‘ra deputatlikka nomzodlar safidan o‘chirilgan edi.

19 dekabr kuni «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi a'zosi Sobir Shukurov (63-Kattaqo‘rg‘on okrugi) va «Adolat» SDP nomzodi Abduvali Mavlonov (54-Norin okrugi) ham o‘z arizalariga binoan ro‘yxatdan chiqarildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat mudiri Xudoyor Mamatov mazkur holatlarni boshqacha talqin qilmaslik kerak, deb hisoblamoqda.

Foto: Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazi

«O‘tgan yig‘ilishlarimizda bu ochiq-oydin oshkor etildi. Qabul qilgan qarorlarimiz saytimizda turibdi. Ya'ni deputatlikka nomzodlarimizning muddatidan oldin o‘z nomzodlarini nomzodlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risidagi murojaatlari. Bu murojaatlar ham saylovchilarimiz tomonidan turli xil talqin etilmoqda. Ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda. Go‘yoki, u yoki bu nomzodga siyosiy partiyaning yoki ijro hokimiyatining ta'siri tufayli bu nomzodlar o‘zlarining nomzodlarini ro‘yxatdan chiqarish haqida saylov komissiyalariga murojaat qilyapti, deya talqin qilinyapti.

Aslida Markaziy saylov komissiyasiga bo‘lgan murojaatlarning har to‘rttalasi ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlarimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qilgan. Ariza Markaziy saylov komissiyasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan va asoslantirilgan ariza bo‘lganligi uchun arizalar qanoatlantirilib, qonuniy qaror qabul qilingan.

Mamlakatimizda saylov jarayonlariga ijro hokimiyati organlari hech qanday aralashishi, ta'sir qilishi mumkin emas. Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan nizomda tartiblari aniq belgilangan. Har qanday noqonuniy aralashuv O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga binoan javobgarlik masalasini keltirib chiqaradi», – dedi Mamatov 19 dekabr kungi matbuot anjumanida.

Mavzuga oid