O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi asosiy tadbirlari 19 dekabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tdi.
Kantey qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston rahbarini Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe kutib oldi. Ular davlat bayroqlari oldida qo‘l berib ko‘rishdi.
Davlat madhiyalari yangradi. Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe oliy martabali mehmon sharafiga saf tortgan faxriy qorovul oldidan o‘tdi. Ularga delegatsiyalar tanishtirildi.



Shavkat Mirziyoyev va Sindzo Abe oliy martabali mehmon sharafiga saf tortgan faxriy qorovul oldidan o‘tdi.


Shundan so‘ng ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazildi.

Yaponiya hukumati rahbari Prezidentimizni samimiy qutlar ekan, ushbu tashrif «Reyva» («Go‘zal uyg‘unlik») davrining birinchi yilida o‘tayotganini alohida ta'kidladi.
Tokio mamlakatimiz bilan do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratayotgani qayd etildi.

Sindzo Abe O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi va ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Davlatimiz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni jonlantirishga faol hissa qo‘shayotgani ta'kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Yaponiya hukumati rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yapon xalqini «Reyva» davri boshlangani bilan tabrikladi.




















