22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazildi.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz o‘z fuqarolik burchini ado qilib, saylovlarda ishtirok etib, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishdi. Jarayon OAV orqali keng miqyosda yoritildi.

Saylovdan keyingi ovozlarni sanab chiqish bosqichi omma e'tiboriga havola qilinmagan. Ammo bu yilgi saylovda Kun.Uz mazkur jarayonda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada, odatda parda ortida qoladigan voqealarni o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashish imkoniyati tug‘ildi.

Eslatib o‘tish joizki, ovozlarni sanash bosqichida har bir partiyadan kuzatuvchilar, xalqaro kuzatuvchilar, matbuot xodimlari ishtirok etishi mumkin. Ammo ular jarayonga aralashmaydi.

Xorazm viloyati, Urganch shahridagi 117-okrug, 28-saylov uchastkasi. Soat 20:00, saylovda ovoz berish jarayoni yakunlandi. Komissiya raisi bu haqda e'lon qildi.

Saylov uchastkasining eshigi yopildi. Endi saylovchilarning ichkariga kirishi mumkin emas. Ovozlarni sanash jarayonida faqat saylov komissiyasi a'zolari qatnashadi, partiya vakillari, matbuot xodimlari kuzatib turadi.

Komissiya raisi saylov byulletenlari solingan qutilardagi tamg‘alarning butligini va raqamlarining bayonnomaga mos kelishini tekshirdi.

Saylovda ishtirok etgan va byulleten olgan saylovchilar soni sanab chiqildi. Ularning miqdori bayonnomada ko‘rsatildi. 

Muhim! Saylovchilarga berilmagan, ya'ni saylovda foydalanilmagan byulletenlarning yuqori chap qismi qirqib tashlandi – ular yaroqsiz holatga keltirildi.